Buxorodagi Hazrati Imom qabristonida 18 mingga yaqin qabr bo‘lib, 1700 tasi mayitsiz ekanligi, ya’ni o‘limidan oldin “egallab” olingani aniqlandi. Bu haqda Buxoro shahar obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Bafo Narzullayev ma’lum qildi.

Foto: “Daryo”

Joriy yil 22-iyul kuni Xalq deputatlari Buxoro viloyat kengashining navbatdagi sessiyasi bo‘lib o‘tgan. Sessiyani kengash raisi, viloyat hokimi O‘ktam Barnoyev boshqargan. Bunda 2019-yilning ikkinchi choragida olib borilgan ishlar qatorida yechimini kutayotgan masalalar xususida ham so‘z borgan.

Foto: “Daryo”

Ma’lumki, Islom hamkorlik tashkiloti tomonidan Buxoro 2020-yildagi islom madaniyati poytaxti, deb e’lon qilingan. Shu munosabat bilan Buxoroda keng ko‘lamli qurilish, rekonstruksiya va mukammal ta’mirlash ishlari olib borilyapti. Shu jarayonda Hazrati Imom maqbarasi nomini olgan qadamjo — Hoja Imom Xafsi Kabir Buxoriy qabristonidagi og‘riqli holat viloyat rahbari e’tiborini tortgan va bu masalani Xalq deputatlari viloyat kengashi sessiyasida ko‘targan.

“Daryo” muxbiri Laylo Hayitova ushbu masala yuzasidan qabristonda bo‘lib, mavjud holat bilan tanishdi.

Foto: “Daryo”

Hoja Imom Xafsi Kabir Buxoriy qabristoni eski shaharning qadimiy devorlaridan shimoli-g‘arbda, mozor esa yangi qurilgan maqbaraning shimoli-sharqida joylashgan.

Qabristonda o‘tganlar xotirasiga qabr toshi qo‘yish dabdabaga aylanib ulgurganini anglash mushkul bo‘lmadi. Tuproq ostidagi mayit ustiga og‘ir toshlar qo‘yilgani yetmagandek, go‘r usti ayvonlar bilan o‘ralgan. Haykallar qilingan, byustlar o‘rnatilgan.

Foto: “Daryo”

Kimo‘zarga qabrni chiroyli qilishga o‘chlik qabristonni hashamatli marmartosh shaharga aylantirgan. Qabristonda 1700 ga yaqin mayitsiz qabr 2 qavatli qilib qurib, “bezatib” qo‘yilgan.

Foto: “Daryo”

— 17 gektardan ortiq  maydonni egallagan Hoja Imom Xafsi Kabir Buxoriy qabristoni qabrlari xatlovdan o‘tkazildi. 18 mingga yaqin qabr borligi, shundan 8-10 foizi, aniqrog‘i, 1700 ta qabr esa mayitsiz ekanligi aniqlandi. To‘g‘ri, keyingi yillarda qabriston manzilida sizot suvlari balandlashmoqda. Bu o‘z-o‘zidan lahad qazishda qiyinchilik tug‘diradi. Shu sababli odamlar yaqinlari ko‘milgan qabrlar yonidan “egasiz” sag‘analar tayyorlab qo‘ya boshlagan. Qabr yeri bepul berilgan. Vafot etgandan keyingina go‘rkov uchun xizmat haqi to‘lanadi. O‘zbekcha lahad qazish uchun 160 ming, o‘rischa lahad uchun 120 ming so‘m va bolalar uchun lahadga 20 ming so‘m atrofida to‘lov undiriladi,— deydi Bafo Narzullayev.

Foto: “Daryo”

Ismini oshkor qilishni istamagan vakillardan birining aytishicha, bu mayitsiz qabrlar viloyatning qator sobiq mahalliy rahbarlari tomonidan hali vafot etmagan qarindosh-urug‘lari uchun oldindan “egallab” olingan.

— Mayitsiz qabrlarning egasini aniqlash bo‘yicha Buxoro shahar IIB tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda, — deydi jamoat tashkilotlari va diniy tashkilotlar bilan aloqalar bo‘yicha viloyat hokimi o‘rinbosari Zokir Hidoyatov.

“Daryo” muxbiri tirik insonning o‘limdan oldin qabrga egalik qilishi yoki qabrni oldindan sotish amali nechog‘li to‘g‘ri-noto‘g‘riligi haqida viloyat bosh imom-xatibi Jobir Elov bilan suhbatlashdi.

Foto: “Daryo”

— Dastlab qabristonga nomlari qo‘yilgan zot haqida ikki og‘iz. Hoja Imom Xafsi Kabir Buxoriy xalq tilida Hojatbaror nomi bilan ham mashhur bo‘lgan. Buxoro faqihlarining, Imom al-Buxoriyning ustozlari ham. Islom dinimizda, urf-odatimiz, milliyligimizda qabrni sotish biror joyda keltirilmagan. Qabr sotilishiga aql bovar qilmagan, hatto. Shariatimizda osmondan yog‘iladigan qor yoki yomg‘ir tufayli agar qabr ustiga bittagina maysa unib, bir kun ko‘karib tursa ham, Olloh taolo shu ko‘kargan maysa tufayli o‘sha mayitning gunohidan kechgan ekan. Lekin bugungi kunda keng va katta joylar hali qavmlarining o‘limidan oldin “egallab” olingani yetmagandek, mavjud qabrlar ustiga ayvon qilingani juda og‘riqli holat. Bunga faqat isrofgarchilik va hatto, o‘limdan keyin ham hashamatga berilishning yomon illati sifatida qarash mumkin.

Qabrlar ustiga qora marmar va granitlarning qo‘yilishi bila’ks mayitlar ustiga yuk azobini ag‘darish bilan barobar. Atrofimizda yordamga muhtoj, uyining tomini yopmagan, hovli-joyi ta’mirtalab qanchadan qancha kamomadli kimsalar bor. Qo‘ldan kelguncha tiriklarga yordam qilish mayit ustiga og‘ir tosh ag‘darib qo‘yishdan ming karra xayrlidir. Qabr kimlar uchun olib qo‘yiladi? O‘lim to‘shagida yotgan keksa odam, o‘limi yaqin bo‘lgan og‘ir bemor uchun faqatgina bitta joyni olishi mumkin. Ikki-uch yoki undan ortiq emas. Bu o‘limdan keyin ham o‘zini o‘zgalardan ustun qo‘yish va manmanlikning ifodasi, xolos,— dedi bosh imom-xatib.

Foto: “Daryo”

Ayni kunda Hoja Imom Xafsi Kabir Buxoriy qabristonida keng miqyosda qurilish-ta’mirlash ishlari boshlangan. 1000 nafardan oshiq mehnat kuchi jalb etilgan. Qabrlar atrofiga 1,5x2 metrdan ziyod qilib o‘rnatilgan temir panjaralar 60 santimetrdan ortiq bo‘lmagan shaklga keltirilmoqda.

Foto: “Daryo”

Chiqindilardan, begona o‘tlardan tozalangan, 20 mashinaga yaqin chiqindi chiqarilgan. Yo‘laklarga oqtoshlar yotqizilib, o‘tganlar xotirasiga tilovat o‘qish uchun o‘rindiq va soyabonlar o‘rnatilmoqda. Bundan tashqari, eski devorlar qayta tiklanib, qabriston atrofidagi yo‘llarga asfalt yotqizilmoqda.

Foto: “Daryo”

Ma’lumot uchun, Hazrati Imom qabristoni 1000 yildan ortiq vaqtdan beri foydalanib kelinadi.