Bugun,

  • USD 11095.31
  • RUB 173.84
  • EUR 10772.44

“Daryo” tahririyatiga Xorazm viloyati Xiva shahrida yashovchi fermer Gulora Jumaniyozovadan murojaat kelib tushdi.

Unda aytilishicha, 2019-yilning mart oyida tadbirkor Jamshid Ro‘zimetov noqonuniy ravishda uning “Abdusharif bog‘bon” fermer xo‘jaligi maydoniga kirib, “bu yerni hokimlik menga Prezident qaroriga ko‘ra gidroponika (issiqxona) uchun ajratib berdi. Endi bu yerlar meniki” deb ko‘chatlar unib turgan 3.8 gektar bog‘ining 1.7 gektar maydoni olib qo‘yib, pahsa bilan o‘ralgan devorlarini buzib, qurilish ishlarini boshlab yuborgan.

Gidroponika (issiqxona) – o‘simlikni tuproqsiz sun’iy muhitda o‘stirish yo‘li. Uning bir necha xil usullari bor. Odatda o‘simlikni mayda shag‘al va qumda o‘stirish usuli ko‘proq qo‘llaniladi. Buning qulay tarafi, issiqxona uchun maxsus unumdor yer zarur emas. Gidroponika usulida asosan, sabzavot, gul, rezavor, meva, chorva mollari va parrandalar uchun servitamin ko‘katlar o‘stiriladi. Bu yo‘l bilan yiliga 4 — 5 marta hosil olish mumkin.

Bu borada  2018-yilda 20-noyabrda Shavkat Mirziyoyevning “Issiqxona komplekslarini rivojlantirish uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori imzolangan.

Foto: “Daryo”

Foto: “Daryo”

“Eng ajablanarlisi, bizga na hokimlik va na tadbirkor bu haqida xabar berdi, yoki biron qonuniy hujjat ko‘rsatdi. Shahar hokimligiga yerimiz olib qo‘yilishining sababini so‘rab murojaat qilganimizda, “yer hokimlikniki, xohlagan odamidan oladi, xohlaganiga beradi,” degan javobni eshitdik. Axir shahar bedarvoza emasku, yer olib qo‘yilishining ham o‘ziga yarasha qonun-qoidalari bor. Vaholangki, “Fermer xo‘jaliklarini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarorga ko‘ra, yer fermer xo‘jaligining yozma arizasiga binoan, muntazam 3 yil davomida qarovsiz foydalanilmasdan kelgan taqdirdagina, sud qarori bilan hokimlik qaytarib olishi mumkin. Shunda ham fermer xo‘jaligi yozma ravishda ogohlantirilgan holda olinishi kerak. Lekin bizni hokimlik bilan 50 yillik shartnomamiz bo‘lsa va hali hech bir bandini buzmagan bo‘lsak... Nega endi hech bir sababsiz ko‘chatlar unib turgan yerimiz tortib olindi?”, – deydi biz bilan suhbatda Gulora Jumaniyozova.

Murojaatda keltirilishicha, Gulora Jumaniyozovaga tegishli bo‘lgan 3.8 gektar yerning 1.7 gektar maydoni tadbirkor Jamshid Ro‘zimetovga sobiq Xiva shahar hokimi Erkin Yoqubov qaror chiqarib, rasmiylashtirib bergan.

Foto: “Daryo”

Foto: “Daryo”

“Yaqinda murojaatim bo‘yicha shahar prokuraturasiga meni va tadbirkor Jamshid Ro‘zimetovni chaqirishdi. Shahar prokurori unga “vaziyat oydinlashguncha ularning yeriga o‘tma, qurilishingni to‘xtatib tur” deb aytdi. Lekin u baribir qurilishlarini davom ettirayapti. Bundan tashqari Jamshid Ro‘zmetov tomonidan fermer xo‘jaligimizni o‘rab turgan devorlari buzilib, unib turgan 12 ming ko‘chatimiz payhon qilindi. Biz, yerimiz olindi mayli, faqat ziyon yetkazilgan ko‘chatlarimizni pulini to‘langlar dedik. Bunga hokimlikdagilar rozi bo‘ldi. M.Mirzayev nomidagi bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy tadqiqot instituti (sobiq Shreder instituti) xodimlari tomonidan 12 ming dona ko‘chatlarimiz 88 million so‘mga baholandi. Summani ko‘rib, hokimlikdagilar, bizni balansimizda buncha pul yo‘q deb aytishdi. Endi kim buning haqqini to‘laydi?”, – deydi Gulora Jumaniyozova.

Foto: “Daryo”

Foto: “Daryo”

Xiva shahar prokuraturasi vaziyatni o‘rganganda, sobiq shahar hokimi Erkin Yoqubovning 2018-yil 21-iyulda chiqargan qarori Yer kodeksining 23—24-moddalari hamda “Fermer xo‘jaligi to‘g‘risida”gi qonunning 13-moddasi talabalariga zid ravishda qabul qilinganligini aniqlagan. Shundan so‘ng, prokuratura tomonidan shu yilning 18-may kuni qarorni bekor qilish va qonunga muvofiqlashtirish bo‘yicha shahar hokimligiga protest kiritgan.

Foto: “Daryo”

Foto: “Daryo”

Prokuratura tomonidan keltirilgan protestga qaramasdan tadbirkor Jamshid Ro‘zimetov Gulora Jumaniyozovaga tegishli bo‘lgan yerda qurilish ishlarini davom ettiravergan.

Mazkur holatga aniqlik kiritish maqsadida “Daryo” Jamshid Ro‘zimetov bilan bog‘landi.

Tadbirkorga ko‘ra: “u yerni hech kimdan tortib olmagan, fermer Gulora Jumaniyozova bilan bog‘langanda u Prezident qarori chiqqan ekan, mayli ishingni boshlayver”,— deb aytganligi ta’kidladi.

“Lekin bir muncha vaqt o‘tib, u gaplashganimizni tan olmadi. O‘sha paytda Gulora Jumaniyozova bilan og‘zaki gaplashganimiz uchun hokimlikda buni isbotlay olmadim. Ikkinchidan, men uning bug‘doy ekilgan yeriga kirdim. Ko‘chatlariga hech qanday ziyon yetkazganim yo‘q. Qurilishimni to‘xtatishga kelsak, to‘g‘ri bu borada qaror chiqqan, lekin men ishimni deyarli 50 foizini bitirib bo‘ldim. Bankdan 900 ming dollar olganman. Qurilishga esa bir yarim milliard sarflab bo‘ldim. Ishimni to‘xtatsam, kreditimni, sarflab qo‘ygan pulimni kim to‘laydi?” – dedi Jamshid Ro‘zimetov.

Foto: “Daryo”

Foto: “Daryo”

Ikki tadbirkor o‘rtasida kelib chiqqan nizoni tegishli davlat organlari nazoratga olib, muammoga yechimini topadi degan umiddamiz. “Daryo” vaziyatni kuzatishda davom etadi.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy
Bir necha kundan buyon hukm surayotgan qorli ob-havoda o‘zbekistonliklar yasagan qorbobolar — suratlarda
Sport
Matbuot anjumani vaqtida mushukni uloqtirib yuborgan Braziliya terma jamoasi rasmiysi tanqidlarga uchradi (video)
Mahalliy
O‘zbekistonda narxni oshirgan va sifatsiz mahsulot sotgan 299 ta zapravkaga benzin yetkazib berish to‘xtatildi