Google kompaniyasi tijoriy yo‘lda foydalanish maqsadida yangi Glass Enterprise Edition 2 “aqlli” ko‘zoynaklarini taqdim etdi, deb xabar beradi “VC.ru”.

Foto: Google

Qurilma Qualcomm Snapdragon XR1 protsessorida ishlaydi.

Kompaniyanining ta’kidlashicha, yangi Glass Enterprise USB-C porti orqali tezkor quvvatlanish funksiyasini qo‘llab-quvvatlaydi. Akkumulyator sig‘imi 820 mA/soatga teng bo‘lib, sakkiz soatgacha avtonom ishlay oladi.

Glass Enterprise Edition 2 Android platformasida ochiq manba kodlarida ishlaydi. Shuningdek, qurilma biznes uchun mo‘ljallangan Android Enterprise Mobile Device Management mobil platformasida ham ishlash qobiliyatiga ega.

Ko‘zoynak 8 megapikselli kamera, videoni Wi-Fi yoki Bluetooth orqali to‘g‘ridan to‘g‘ri uzatish funksiyasi bilan jihozlangan. Qurilma xotirasi — 32 gigabaytga teng.

Glass Enterprise foydalanuvchilari ko‘zoynak orqali qo‘llanmalarni ko‘rishi, suratlar yoki videoroliklarni jo‘natishi va boshqa ko‘plab vazifalarni bajarishi mumkin. Google’ning ta’kidlashicha, qurilmadan foydalanish 20—50 foizga ish unumdorligini oshiradi.

Hozirda kompaniya mazkur ko‘zoynaklarni 999 dollardan taklif etmoqda.