2019-yilning 15-may kuni Qo‘shrabot tumani IIB Navbatchilik qismiga Qo‘shrabot tumani “Do‘stlik” mahallasida yashovchi 1984-y.t, fuqaro S.Z. qo‘ng‘iroq qilib, Qo‘shrabot tumanidagi “Oltin-meros” fermer xo‘jaligi yer maydonida qarovsiz qoldirilgan Damas rusumli avtomashinasi ichida bir nechta shaxslarning jasadlari tashlab ketilganligi haqida xabar qilgan. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi IIV Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar boshqarmasi tarqatgan ma’lumotda aytiladi.

Foto: IIV

Hodisa joyi ko‘zdan kechirilgan vaqtda ushbu avtomashina 1998-y.t, Ishtixon tumani “Chimqo‘rg‘on” MFY “Chimqo‘rg‘on” qishlog‘ida yashovchi I.J.ga tegishli, oq rangli, 2019-yilda ishlab chiqarilgan Damas rusumli avtomashinasi bo‘lib, uning ichida avtomashina egasi I.J. hamda oila a’zolari birga yashovchilar, otasi 1969-y.t, X.A., onasi 1974-y.t, X.Z., ukasi 2002-y.t, I.A. hamda kenja ukasi 2003-y.t, I.O.larning murdalari Qo‘shrabot tumani “Boqichig‘atoy” mahallasi hududidan qotillik alomatlari bilan topilgan.

Mazkur holat yuzasidan 2019-yil 15-may kuni O‘zbekiston Respublikasi JKning 97-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Olib borilgan tezkor-tergov harakatlari natijasiga ko‘ra, ushbu qotillik jinoyati Ishtixon tumanida yashovchilar 1981-y.t. T.G‘., 1995-y.t. E.Sh., 1993-y.t. U.J. va Qushrabot tumanida yashovchi 1996-y.t. N.X.lar tomonidan sodir etilganligi aniqlanib, daliliy ashyolar olingan va ular ushlangan.

Hozirgi kunda jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.