“Daryo” muxbiri Azizbek Abduvaliyev  Nur-Sulton shahrida tashkil qilingan “Radikalizmning oldini olishda Qozog‘iston tajribasi” mavzusidagi mediatur davomida O‘zbekistonning Qozog‘istondagi elchisi Saidikrom Niyozxo‘jayev bilan uchrashdi.

Foto: “Daryo”

Niyozxo‘jayev mazkur vazifaga 2018-yil martidan boshlab kirishdi, bungacha Tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari bo‘lib ishlagan. Dastlabki savol bugungi kunda O‘zbekistonning xorijdagi elchilaridan talab etilayotgan asosiy missiya — mamlakatga investitsiyalar olib kelishda ko‘maklashishga taalluqli bo‘ldi.

— Nafaqat investitsiyalar kiritish, balki ikki tomonlama savdo-sotiq va iqtisodiy munosabatlarni yaxshilash bo‘yicha ham jiddiy ish olib borilmoqda. Elchixona O‘zbekistonning barcha mintaqalari, xususan, Toshkent, Sirdaryo, Navoiy va Namangan viloyatlari bilan yaqin hamkorlik o‘rnatgan. Haftaning har chorshanbasi investitsiyalar kuni deb e’lon qilingan. Aytaylik, bu gal Navoiy viloyati bilan videokonferensiya o‘tkazib, qozog‘istonlik investorlarni viloyatning imkoniyatlari bilan tanishtirdik, ularni bu yerda bo‘lib o‘tadigan investitsion forumga taklif etdik.

Elchixona tashabbusi bilan bir qator loyihalar tayyorlandi. Masalan, Namangan viloyatida sintetik tola ishlab chiqarish loyihasi. Qozog‘istonlik investorlar viloyat hokimi Xayrullo Bozorov bilan uchrashdi, bundan tashqari namanganliklarga yana 4 ta loyiha bo‘yicha takliflar yetkazilgan. Sirdaryoda ham 5 ta loyiha bo‘yicha ish olib borilmoqda, ular asosan maishiy kimyo va agrosanoat, xususan, chorvachilik va parrandachilik bilan bog‘liq.

— Bu sa’y-harakatlar raqamlarga o‘girilganda qanday natija beryapti?

— 2019-yilning yanvar—fevral oylarida ikki davlat o‘rtasidagi tovar aylanmasi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 20 foizga oshdi. Bu qariyb 500 million dollar degani. Bu borada nafaqat mahsulotlar oldi-berdisi, balki xizmatlar ham inobatga olinadi. Masalan, tranzit—temir yo‘l, avtomobil transporti orqali yuk tashish va hokazo.

— Qozog‘iston investorlarining O‘zbekistonga kirishga qiziqishi haqida gapirilganda bank sektori va avtomobil sanoati haqida ham eshityapmiz.

—Bu bor gap. Mamlakatning eng yirik banklaridan biri — Halyk Bank sho‘basi bo‘lgan Tenge Bank Toshkentda filialini ochishga hozirlik ko‘ryapti. Biz ularning bir qancha masalalarini hal etishda ko‘maklashdik. Toshkent shahri markazida ular uchun yer ajratilgan. Bank 20 million dollarlik investitsiya bilan kiradi, biznes-kompleks quradi.

Avtosanoat masalasiga kelsak, bilasiz, “O‘zavtosanoat” Qozog‘istonda Ravon avtomobillarini yig‘ishni yo‘lga qo‘ydi. Bu yilgi reja 18 mingta avtomobil ishlab chiqarishdan iborat, ularning bir qismi eksportga chiqariladi. Qozog‘iston avtosanoati vakillari ham O‘zbekistonga kirish bo‘yicha o‘z takliflarini bergan, ularni mutasaddilarimiz ko‘rib chiqyapti. “Qars ikki qo‘ldan” deyishadi-ku!

— Qozog‘istonning yangi rahbari Qosim-Jo‘mart To‘qayevning O‘zbekistonga ilk tashrifi davomida imzolangan muhim hujjatlardan biri O‘zbekiston va Qozog‘istonda faoliyat yuritayotgan ikki mamlakat fuqarolarining mehnat huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida bitim bo‘ldi.

—Bu hujjat ikki yil davomida ishlab chiqildi va bunda elchixonaning ham ma’lum hissasi bor. Unda O‘zbekistonning Qozog‘istondagi va Qozog‘istonning O‘zbekistondagi mehnat muhojirlari haq-huquqlari himoyasi aniq ko‘rsatib o‘tilgan. Elchixonamizda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi vakili — attashe bor, uning asosiy vazifalari sirasiga kiradi bu yo‘nalish. Ular ham, biz ham ish beruvchilar monitoringini yuritamiz, kerak bo‘lsa, o‘ziga yarasha “qora ro‘yxatlar” ham bor.

Mehnat muhojirlarimizga bu bitim qabul qilinguncha ham muammolarini hal etishda ko‘mak berib kelganmiz. Chunki ikki davlatning o‘zaro qonunchilik bazasida 212 ta hujjat — qaror va kelishuvlar bor, shularning o‘zi yetarli asos bo‘la oladi. Undan tashqari, O‘zbekistonda qabul qilingan yangi tahrirdagi Konsullik ustavida ham konsullik amallari qatorida fuqarolarimiz haq-huquqlarini himoya qilish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berilgan.

— Navbatdagi savolga o‘zingiz olib keldingiz. Rossiyaning qator yirik shaharlarida O‘zbekiston konsulxonalari birin-ketin ochilmoqda. Qozog‘istonda bu borada ahvol qanday?

—Hozir mamlakat poytaxti Nur-Sultonda elchixona va Olmaota shahrida bosh konsulxona faoliyat ko‘rsatmoqda. Bugun-erta Aktauda bosh konsullikni ochamiz, diplomatlarimiz hozir o‘sha yerda bo‘lib turibdi.

— Nega endi Aktau?

— Shahar Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatlariga qo‘shni bo‘lgan hamda mehnat muhojirlari Rossiyaga yo‘l olganda o‘tadigan Mang‘istov viloyatining ma’muriy markazi. Aktau Qozog‘istonning tez rivojlanayotgan hududlari qatoriga kiradi. Eng muhimi, bu yerda Kaspiy dengiziga olib chiqadigan ikki port, “Shevron” kabi ko‘plab yirik xorijiy kompaniyalar vakolatxonalari joylashgan.

Kelgusida Qozog‘istonning shu kabi yirik va muhim boshqa mintaqalarida ham bosh konsulxonalar ochishni maqsad qilganmiz. Bu mehnat muhojirlari, sayyohlar, talabalar uchun qulaylik va yengillik bo‘ladi, degan umiddamiz.

Mediatur doirasidagi materiallar Yevropa Ittifoqi moliyaviy ko‘magida tayyorlangan.