Oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlaridagi islohot: biryo‘la uchtagacha yo‘nalishda tanlovda ishtirok etish mumkin; testlar iyul–avgustda o‘tkaziladi; ta’lim muassasalarini o‘tgan yillarda bitirgan abituriyentlardan to‘lov undiriladi va h.k. (2019-yil 14-maydagi PQ–4319-son qarorga ko‘ra). Bu haqda Norma xabar berdi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yil fevralda ushbu hujjat loyihasi muhokama qilingan edi. Yakuniy tahririning ayrim jihatlari farqlanadi, shu sababli yangiliklarga batafsil to‘xtalib o‘tamiz.
Birinchidan, 2019/2020-o‘quv yili qabulidan boshlab abituriyentlar oliy ta’lim muassasalarining test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi bir xil bo‘lgan 3 tagacha bakalavriat ta’lim yo‘nalishida ishtirok etishlari mumkin. Shu tariqa, sohiblariga biryo‘la bir nechta oliy ta’lim muassasasiga kirish imkonini beradigan maxsus sertifikatlarni joriy etish to‘g‘risidagi taklif qabul qilinmadi .
Ikkinchidan, 2019/2020-o‘quv yili qabulidan boshlab oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha kirish test sinovlari iyul–avgust oylarida o‘tkaziladi ( ilgari – 1-avgustdan 15-avgustgacha).
Uchinchidan, 2020/2021-o‘quv yili qabulidan boshlab test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi ikki bo‘limga ajratiladi. Birinchisiga – barcha uchun majburiy 3 ta fan: ona tili (o‘zbek, rus yoki qoraqalpoq), matematika va O‘zbekiston tarixi, ikkinchisiga esa abituriyent tanlagan bakalavriat ta’lim yo‘nalishiga mos 2 ta fan kiritiladi. Bunda hujjatda ona tili bo‘yicha alohida sinov o‘tkazilishi nazarda tutilmagan.
Bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga mos test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi, baholash mezonlari, test topshiriqlari soni hamda test sinovlarini o‘tkazishning aniq muddatlari Ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha davlat komissiyasi tomonidan belgilanadi.
To‘rtinchidan, test sinovlari tashkil etilayotgan o‘quv yilidan avvalgi yillarda ta’lim muassasalarini tugatgan abituriyentlardan test sinovlarida ishtirok etishi uchun to‘lov undiriladi. Masalan, 2018-yilda va undan avval maktabni (kasb-hunar kollejini, akademik litseyni yoki oliy ta’lim muassasasini) bitirgan abituriyentlar 2019-yilda to‘lov to‘lashlari kerak.
To‘lov miqdori 0,5 EKIHni tashkil etadi. Nogironligi bo‘lgan yoki to‘liq davlat ta’minotidagi shaxslar undan ozod qilinadi. Shu tariqa, loyiha bilan solishtirganda, to‘lov miqdori ikki baravar pasaytirilgan, imtiyoz beriladiganlar doirasi esa kengaytirilgan.
Beshinchidan, to‘plangan ballar haqidagi ma’lumot test o‘tkazilgan kunning ertasiga Davlat test markazining saytida ham e’lon qilinadi. Talabalikka tavsiya etilgani yoki tavsiya etilmagani bo‘yicha tanlov natijasi esa test sinovlarini o‘tkazish jarayoni to‘liq yakunlangandan keyin bir hafta muddat ichida ma’lum bo‘ladi.
Oltinchidan, shu yildan boshlab davlat oliy ta’lim muassasalariga bakalavriatga o‘qishga kirish uchun abituriyentlar faqat Davlat xizmatlari markazlari yoki YaIDXP orqali murojaat qiladi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 2019-yil 14-maydan kuchga kirdi.
Izoh (0)