Alisher Navoiy nomli kinosaroyda “Shod-u xurramlik” badiiy filmining taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Foto: O‘zA

Hind—o‘zbek loyihasi bo‘lgan ushbu kartina taqdimotida “O‘zbekkino” milliy agentligi bosh direktori Furqat Zokirov, ikki davlat kinoijodkorlari, Hindiston va Bangladeshning mamlakatdagi elchixonalari vakillari ishtirok etdi.

Kartina bengal tilida suratga olingan. Unda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, taniqli so‘z ustasi Obid Asomov so‘nggi bor rol ijro etgan. Shu munosabat bilan taqdimotga aktyorning oila a’zolari ham tashrif buyurdi, uning yorqin ijodi va faoliyati yodga olindi.

Film “O‘zbekkino” milliy agentligi va Hindistonning Dev entertaiment ventures kompaniyasi bilan hamkorlikda suratga olingan. Ssenariyni o‘zbek tiliga Shoira G‘iyosova muvofiqlashtirgan. Hindistonlik rejissyor Aniket Chattopadhay esa g‘oyani ekranlashtirdi. Bosh rollarni Dev Adxikari Dipak Guru, Karaj Mukerji, Puja Banerji, Koushani Mukerji kabi aktyor va aktrisalar ijro etgan.

Foto: O‘zA

Komediya janrida suratga olingan filmda o‘zbekistonlik aktyorlardan Obid Asomov, Muqaddas Xoliqova va Dilnoza Kubayeva suratga tushgan. Tez kunlarda uni O‘zbekiston kinoteatrlarida tomosha qilish mumkin bo‘ladi.