Bugun,

  • USD 11095.31
  • RUB 173.84
  • EUR 10772.44

Romitan tuman ma’muriy sudi binosida joriy yilning 4-mart kuni ochiq sud majlisi o‘tkazilgan. Sudya Tursunbay Tangriyev raisligida o‘tgan sud hukmi qaroriga ko‘ra, romitanlik fuqaro N.Ch. O‘zbekiston Respublikasi MJtK 183-moddasi (Mayda bezorilik) hamda 194-moddasining (Militsiya xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) 1-qismi, 198-moddasining (Hokimiyat vakilining qonuniy talablarini bajarmaslik yoki xizmat vazifalarini bajarishiga to‘sqinlik qilish) 1-qismida ko‘rsatilgan huquqbuzarliklarni sodir qilgan, deb topilgan. Unga nisbatan uch sutka ma’muriy qamoq jazosi qo‘llanilgan.

Romitan tumani.

Romitan tumani.
Foto: Yandex Maps

Ma’lum bo‘lishicha, 2019-yilning 4-mart kuni fuqaro N.Ch. tuman hokimligi binosida Buxoro viloyati hokimi rahbarligida o‘tkazilishi rejalashtirilgan yig‘ilish boshlanishi jarayonida tuman hokimi Bahriddin Halimovni nojo‘ya so‘zlar bilan haqoratlagan. Uni tinchlantirishga va sodir etayotgan huquqbuzarligini to‘xtatishga harakat qilayotgan IIB xodimlari, shuningdek, shu fursatda kirib kelgan viloyat hokimi O‘ktam Barnoyevning “kutib turish” haqidagi taklifini ham qasddan mensimasdan, shovqin ko‘targan. Yig‘ilishga kelgan yuz nafardan ziyod fuqarolarning ko‘zi o‘ngida o‘zini yerga tashlab, yumalab, baqirgan. “Senlar egallab turgan lavozimlaringga noloyiq, iflos, ahmoq odamsizlar” deya haqoratlagan.

N.Ch.ning sodir qilgan bu huquqbuzarlik xatti-harakati uchun unga nisbatan qonunda nazarda tutilgan ma’muriy qamoq jazosi qo‘llanilgan.

“Men hokimni bunday so‘zlar bilan haqoratlamaganman”

Fuqaro N.Ch. uch sutka qamoq jazosini o‘tab chiqqandan so‘ng “Daryo” muxbiriga o‘z bo‘yniga qo‘yilgan ushbu ayblov tuhmat ekanligini bildirdi.

— Sud menga nisbatan adolatsiz qaror qildi. Men hokimni bunday so‘zlar bilan haqoratlamaganman. Agar shunday haqorat qilgan bo‘lsam, isbotlashsin. Lozim bo‘lsa, kameralar orqali aynan o‘sha jarayonni ko‘rsatishsin. Tuhmat qilishdi. Menga nisbatan kuch ishlatib, urib, so‘kib, haqoratlashdi. Bilaklarim qonab, jarohat yetkazildi, lekin hech kim e’tibor bermadi. Naridan-beri sud qilib, qamab qo‘yishdi, — dedi N.Ch.

Uch kun ma’muriy qamoq jazosini o‘tagan fuqaroning “Daryo” muxbiriga iddao qilishicha, tuman hokimi uni qiynab kelayotgan tashvishlarni biror marta eshitmagan, muammolarini tinglamagan.

“U o‘z o‘ziga jarohat yetkazdi”

— Biz har bir fuqaroni tinglash va og‘irini yengil qilish, unga ko‘mak berish uchun doim harakat qilamiz. N.Ch. ham juda ko‘plab shikoyat va arzlar bilan murojaat qilgan. Baholiqudrat bartaraf etib, ko‘maklashib kelinyapti. Biroq shu kungi xatti-harakatlari haddan oshib ketdi. Ko‘z o‘ngimizda o‘z qo‘llarining bilaklariga o‘zi jarohat yetkazib, tomosha ko‘rsatdi. Tuman hokimi hamda IIB xodimlariga nisbatan qilgan haqoratlarini to‘planganlarning hammasi eshitdi, guvoh bo‘ldi. Ularga nisbatan aytgan haqoratli so‘zlarini isbot qilinishiga urinishi bo‘yicha shuni aytishim mumkinki, N.Ch. ayni kunlarda tuman hokimligi binosida ta’mirlash-sozlash ishlari ketayotgani hamda kameralar ishlamayotganini juda yaxshi bilardi, — dedi tuman xotin-qizlar qo‘mitasi yetakchi mutaxassisi Mahtob Jumayeva.

Xalq qabulxonasiga 2 yil ichida 230 dan ortiq marotaba murojaat qilgan

Mahalliy davlat hokimiyati rahbarlari fuqarolar murojaatlarini shaxsan o‘z nazoratiga olishi, ularning muammolarini hal qilishda samarali tizimni yo‘lga qo‘yishi vaqti allaqachon yetib kelgan. Kimdir umid bilan hokimning oldiga borsa-yu, qabuliga kira olmasa, haftalab-oylab hokimiyat eshigida sarg‘aysa. Shunday vaziyatdan keyin uning qalbida o‘z-o‘zidan jamiyatdan norozilik gazak ola boshlaydi.

Fuqaro N.Ch. ham bir necha yildan buyon dam maishiy, dam shaxsiy muammo-tashvishlari, shuningdek, turli idora-tashkilot rahbarlari ustidan norozilik shikoyatlari bilan Romitan tuman Xalq qabulxonasiga 230 dan ortiq marotaba murojaat qilgan. Iqtisodiy va maishiy murojaatlari qanoatlantirilgan. Idora-tashkilot rahbarlari ustidan yozgan arzlari tegishliligiga ko‘ra, yuqori turuvchi organlarga murojaat qilishi mumkinligi bildirilgan.

— Fuqaro N.Ch.ni har gal, har safar qabul qilganman. Qonun doirasida qo‘llab-quvvatlangan, ijtimoiy ko‘mak ko‘rsatilgan. Uy-joy bilan ta’minlash masalasiga to‘xtaladigan bo‘lsam, tuman markazida “Ziyo san’at” MChJ tomonidan tiklangan yotoqxona-uydan doimiy ravishda bepul foydalanish imkoniyati berilgan. Shart-sharoitlari yaratilgan. O‘zi istagancha, uzoq yillar davomida, lozim bo‘lsa, umrbod yashab, foydalanish huquqi kafolatlangan. Faqat ko‘chmas mulkni sotish imkoniga ega emas, xolos, — dedi tuman hokimi Bahriddin Halimov.

Romitanlik fuqaro N.Ch. 2017-yil iyul oyida tuman Xotin-qizlar qo‘mitasiga birinchi marotaba uy-joyida yong‘in sodir bo‘lib, uysiz qolgani sabab uni uy-joy bilan ta’minlashlarni so‘rab, murojaat qilgan. Ushbu murojaat tegishli idora vakillari tomonidan borib o‘rganilgan hamda tuman hokimi boshchiligida “Ziyo san’at” MChJ tomonidan qurib bitkazilgan ko‘p qavatli xonadonlarning 1-qavatidagi uyga hech qanday ijara to‘lovisiz joylashtirilgan. Hozirgi kunda qadar ushbu uyda bir nafar o‘g‘li bilan yashab kelmoqda. Bundan tashqari, viloyat Qizil yarim oy jamiyati tomonidan barcha xo‘jalik jihozlari bilan ta’minlangan. Xonadoniga yangi gaz plitasi o‘rnatilgan. Uch oy mobaynida tumandagi barcha tashkilotlar ko‘magida oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib turilgan. 17 million so‘m miqdorida imtiyozli kredit olishiga ko‘maklashilgan.

— Ushbu qilgan xayrli ishlari uchun mendan Prezidentdan minnatdorlik xatini yozdirib olishdi, — dedi N.Ch., — Haqiqatan ham, men o‘shanda chin dildan xursandligimni yozib berdim.

“Yer maydonlarim suvsiz qoldi...”

— Men tadbirkor ayolman. “Zamin Fayz savdo” dehqon xo‘jaligini yuritganman. Tuman hokimining e’tiborsizligi, tadbirkorlarga yo‘l ochish, yordam berish o‘rnida ovorayu-sarson qilgani yetmagandek, dehqon xo‘jaligim yer maydonlariga suv o‘tmadi. Aholi tomorqa yerlarini sug‘orish uchun “Xayrabod” kanalidan fuqaro Ixtiyor Nekovning uyi oldidan oqib o‘tuvchi lotok arig‘i qurilmalar bilan to‘sib qo‘yilgan. Dehqon xo‘jaligimga tegishli yer maydonlarim suvsizlikda qolib ketdi. Hosil ololmadim, — dedi N.Ch.

Dehqon xo‘jaligi yerlari.

Dehqon xo‘jaligi yerlari.
Foto: “Daryo”

Tuman hokimi xatti-harakatlaridan norozi bo‘lib yozilgan shu haqdagi murojaat Buxoro viloyat prokuraturasi tomonidan o‘rganilgan. “Zamin Fayz savdo” dehqon xo‘jaligi yer maydonlarini sug‘orish uchun fuqaro Ixtiyor Nekovga tegishli bo‘lgan qurilmalar suv yo‘liga hech qanday to‘siq bo‘lmagani, yer maydonlar shunchaki o‘z holiga tashlab qo‘yilgani aniqlangan.

Dehqon xo‘jaligi yerlari.

Dehqon xo‘jaligi yerlari.
Foto: “Daryo”

Kreditlar maqsadsiz sarflanganmi?!

O‘tgan yil boshida N.Ch.ning fermer xo‘jalik yerlarining hosildorligini ko‘tarish, uning aylanma mablag‘larini to‘ldirish uchun Romitan tuman Xalq qabulxonasiga yozgan murojaati qanoatlantirilgan.

“Agrobank” ATB Romitan filiali tomonidan yillik 22 foizli ustama to‘lash sharti bilan 44 million so‘m miqdorida 18 oy muddatga 3 oylik imtiyozli davr bilan tijorat krediti berilgan.

Bildirilishicha, fuqaro N.Ch. kredit mablag‘larini maqsadsiz ishlatgan. Ushbu yuzasidan monitoring o‘tkazilishiga turli vajlar bilan qarshilik qilgan. Shundan so‘ng bank xodimlari tomonidan “Zamin Fayz savdo” dehqon xo‘jaligidan Peshku tuman sharob savdo MChJga jami 20 million so‘m mablag‘ spirtli ichimliklar olish uchun ko‘chirilgani aniqlangan.

Dehqon xo‘jaligi idorasi.

Dehqon xo‘jaligi idorasi.
Foto: “Daryo”

— Kreditni undirib olish biz uchun juda qiyin kechdi. Romitan tumanlararo sudi orqali “Zamin Fayz savdo” dehqon xo‘jaligi kreditining ta’minoti sifatida garovga qo‘yilgan, fuqaro N.Ch.ga tegishli bo‘lgan Damas rusumli avtomashinani xatlab, ajrim chiqarishimizga to‘g‘ri keldi, — dedi bankning muammoli kreditlar bo‘yicha bo‘lim mutaxassisi Husen Narziyev.

— Men olgan kreditlar maqsadsiz sarflanmagan. Tadbirkor ayolman. Lekin meni hech kim eshitmaydi. “Agrobank” ATB Buxoro viloyat boshqarmasi Romitan filiali tomonidan yillik 22 foizli ustama to‘lash sharti bilan 44 million so‘mlik kredit yopildi. Ammo ushbu masalada o‘zimga tegishli bo‘lgan Gentra rusumli avtomashinamni olib qo‘yishdi. Yugur-yugurlardan charchadim. Sog‘lig‘imni yo‘qotdim. Davolanishim uchun ham sarflashimga to‘g‘ri keldi. Bu bo‘yicha sudga murojaat qilganman. Chorva mollari olishim uchun “Mikrokreditbank” ATB Romitan filiali tomonidan 17 million so‘m miqdorida kredit ajratilgani to‘g‘risida to‘xtaladigan bo‘lsam, ikkita naslli chorva moli uchun men emas, o‘zlari bilgan chorva mollari yetishtirishga ixtisoslashgan fermer xo‘jaligiga shuncha miqdordagi pulni ko‘chirishdi. Ammo ularni boqishim yoki zarur shart-sharoitni hozirlashim uchun 30 foiz miqdoridagi pulni ajratishmadi. Ortiqcha miqdordagi mablag‘ menda yo‘qligi bois, har biri 8,5 million so‘mdan hisoblangan qoramollardan birini bozorda 4 million so‘m evaziga sotishga majbur bo‘ldim. Chunki, bu pulni qolgan bitta qoramolga yem-hashak sotib olish uchun sarflashni ko‘zlagan edim, — dedi N.Ch.

Naslli chorva mollari olish uchun ajratilgan imtiyozli kredit tumandagi “Afrosiyob” hamda “A.Navoiy” MFY vakillari tomonidan borib o‘rganilganda ushbu kredit ham maqsadsiz ishlatilgani aniqlangan.

— Shuncha miqdordagi bank mablag‘i kredit oluvchi bilan o‘rtadagi shartnoma uning xabari yoki roziligisiz qaysidir fermer xo‘jalikka ko‘chirib yuborilmaydi. Bo‘lishi ham mumkin emas. Bank mijozi fuqaro N.Ch. hamda tumandagi “Urganjiyon chorva chashmasi” chorva mollari yetishtirishga ixtisoslashgan fermer xo‘jaligi rahbari Zavqiddin Asadov o‘rtasidagi shartnomaga muvofiq, ikki bosh naslli qoramol uchun 17 million so‘m miqdoridagi mablag‘ ko‘chirilgan. Biroq, bankdan olingan kredit qarzdorligi mijoz tomonidan haligacha qoplanmagan, — dedi “Mikrokreditbank” ATB Romitan filiali boshqaruvchisi o‘rinbosari Rahim Ochilov. — Ushbu kredit mijoz tomonidan 2018-yil may, iyun, iyul oylari kredit foizi to‘lovi uchun jami 164 ming so‘m to‘langan, xolos. Hozirgi kunda kredit foizidan 6 oylik 384 ming so‘m, grafik bo‘yicha 5 oylik 2 million 834 ming so‘m qarzdorligi mavjud.

N.Ch. “Daryo” muxbiriga iddao qilishicha, bu qarzdorlikni qoplash uchun unda hech qanday mablag‘ yo‘q. Ma’lum bo‘lishicha, “Agrobank” aksiyadorlik tijorat banki Romitan filiali tomonidan N.Ch.ning o‘g‘li A.A. nomiga ham 17 million so‘m miqdorida kredit ajratilgan. To‘lov jadvaliga asosan, joriy yilning 9-yanvar sanasiga muddati o‘tgan trafigi 2 million 658 ming so‘mni va muddati o‘tgan kredit foizlari 700 ming so‘mni tashkil qiladi. Bank mijozi shu kunga qadar kredit mablag‘larining maqsadli ishlatilishini o‘rganishdan qasddan bosh tortib kelgan.

— O‘g‘lim o‘ziga tegishli kredit qarzdorliklarni to‘layapti. Bu bor haqiqat. O‘zimning kredit qarzdorligim esa menga kafil bo‘lgan tuman “Agrosug‘urta” kompaniyasi tomonidan qoplanadi. Xo‘sh, men qayerdan buncha mablag‘ni qoplay olishim mumkin. Ikki naslli chorva moldan birini sotib, ikkinchisiga yem-hashak xarid qilishni, naslli qoramollarni ko‘paytirishni istagan edim. Ammo to‘sqinliklar, qarshiliklar yo‘l qo‘ymadi, — deya vaj qildi N.Ch. o‘zini qayta-qayta tadbirkor ayol ekanligini uqtirar ekan.

Masalaga oydinlik kiritish maqsadida “Urganjiyon chorva chashmasi”chorva mollari yetishtirishga ixtisoslashgan fermer xo‘jaligi rahbari bilan telefon orqali bog‘landik:

— N.Ch. shartnomaga ko‘ra, “Urganjiyon chorva chashmasi” chorva mollari yetishtirishga ixtisoslashgan fermer xo‘jaligimizdan birmas, 4 bosh qoramol olib ketdi. Vaholanki, bir shartnoma “Agrobank” aksiyadorlik tijorat banki Romitan filiali orqali uning o‘g‘li fuqaro A.A. nomiga qoramol sotib olishi uchun 17 million so‘m miqdoridagi mablag‘ fermer xo‘jaligimiz hisob-raqamiga kelib tushgan bo‘lsa, xuddi shunday ikkinchi shartnoma N.Ch. bilan tuzilgan. O‘ziga va o‘g‘liga tegishli qoramollarni navbatma-navbat olib ketdi. Bu borada hujjatlar qayd etilgan. Chunki qonunan bu qoramollar unga va o‘g‘liga tegishli. Ammo u qoramollarni nima qilgan, u yog‘idan xabarim yo‘q, — dedi fermer xo‘jalik rahbari Zavqiddin Asadov.

Bundan tashqari, N.Ch. 2007-yilda ham o‘zi rahbarlik qilgan “Baraka Fayz sabr” fermer xo‘jaligida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish maqsadida “Xalq banki” Romitan tuman bo‘limi tomonidan 6 274 400 so‘m miqdoridagi imtiyozli kredit mablag‘iga ega bo‘lgan. Bir necha marta ogohlantirilishiga qaramasdan, ajratilgan kredit bugungi kunga qadar umuman so‘ndirilmagan. Ayni kungacha bankning muammoli kreditiga aylanib kelmoqda.

“Portalchi, yozuvchi, deb meni jinniga chiqarishlariga oz qoldi...”

— Rahbarlar fuqarolarni ursa, so‘ksa, do‘pposlasa mumkinu, fuqarolar dardu tashvishini aytsa, qabuliga kiritmagach, achchiq so‘zlar aytsa, yo qamaladi, yoki ta’qib qilinadi. Shunaqami?! Mening qo‘llarim, bilaklarim IIB xodimlari tomonidan urib, ko‘kartirildi. Nega ularga nisbatan chora ko‘rilmadi? — deb N.Ch. suratlarni ko‘rsatdi.

Foto: “Daryo”

— Mening uch kun qamoqda yotganimdan viloyat hokimi, viloyat prokurori va viloyat IIB boshliqlarining xabari yo‘q. Shaxsan viloyat hokimi qaysi tumanga fuqarolar bilan ochiq muloqot o‘tkazsa, o‘sha yerga borganman. Hech e’tirozsiz meni qabul qilgan. Ko‘mak bergan. Viloyat hokimi ayni paytda Romitan tuman hokimligi tomonidan foydalanishim uchun vaqtincha berilgan yotoqxona-uyning o‘z nomimga rasmiylashtirib berilishini ham ta’kidlagan. Lekin tuman hokimligi vakillari viloyat hokimining bu haqdagi topshirig‘ini bajarmay kelishyapti. Shundoq yon qo‘shnim Nadejda Suxarukova yotoqxona-uyni o‘z nomiga rasmiylashtirolmagach, o‘z joniga qasd qilishga urinishga majbur bo‘ldi. O‘ziga pichoq sanchgachgina yotoqxona-uyni nomiga rasmiylashtirib berishdi. Men esa bu ishni qilolmayman, haddim ham sig‘maydi. Arz bilan borsam, nuqul “Portalchi keldi, yozuvchi keldi” deya masxaraomuz gapirishadi, — dedi N.Ch.

N.Ch. tuman Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Olima Ismoilovaning uni ruhiy kasalliklar shifoxonasiga yotqizish maqsadida uy-yotoqxonasiga “Tez yordam” mashinasini jo‘natib, uni “jinni”ga chiqarishga uringanini, shu bois, bir necha kun ulardan qo‘rqib, qochib yashab yurganini bildirdi.

— Bo‘lishi mumkin emas. Hech qachon bunday xatti-harakatda bo‘lmaganman. Hatto, bu fikr xayolimga ham kelgan emas! Qancha yordam va ko‘mak berishimizga qaramay, doimiy tarzda norozi kayfiyatda bo‘lib kelgan. Ushbu fuqaroni boqimandalikdan uzoqlashtirishga, jamiyat koriga yaqinlashtirishga ko‘p bor urindik. Ammo natija bo‘lmadi. Nima ham derdik, u bizning fuqaromiz, har qanday vaziyatga qaramay, imkon darajasida qo‘llab-quvvatlashimiz kerak, — dedi Olima Ismoilova.

— Yo‘q, shaxsan Olima Ismoilova hamda uni qo‘llab-quvvatlovchi shaxslar tomonidan uyimizga “Tez yordam” mashinasi jo‘natilib, meni ruhiy xastaga chiqarishga uringanlarini isbotlovchi yetarlicha asoslarim bor, — dedi N.Ch.

“Qamoqxona pulini to‘lash uchun Prezident bergan gaz plitasini sotdim”

N.Ch.ning aytishicha, u ortiqcha mablag‘i bo‘lmagach, 2018-yilda tuman Xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan berilgan gaz plitasini sotib, 91.228 so‘m miqdorida uch sutkali ma’muriy qamoq xarajatlarini qoplagan.

— Tuman xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Olima Ismoilova vaqtincha foydalanishim uchun berilgan uy-yotoqxonaga gaz plitasi keltirishganda mendan minnatdorlik xatini olgandi. Endi-chi? Prezident bergan gaz plitasini sotib, uch sutkali qamoq xarajatini qoplashga majbur bo‘ldim, — dedi u.

N.Ch.ning uyi (ichki ko‘rinish).

N.Ch.ning uyi (ichki ko‘rinish).
Foto: “Daryo”

Xalq qabulxonalariga sanoqsiz murojaat yozib, turli idora-tashkilot rahbarlari ustidan shikoyat qilib kelayotgan fuqaro N.Ch. “Har bir so‘zimning isboti bor. Men yuqoriga arz qilaman, adolatni yuzaga chiqarishadi”, — dedi jurnalistlarni haqiqatni yoritishlariga ishonmay ikkilangancha...

N.Ch.ning bildirishicha, u o‘zini tashvishlantirib kelayotgan bir nechta masalalar yuzasidan sudlarga murojaat qilgan.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy
O‘zbekistonda dollar kursi yana tushdi 
Dunyo
Ozarbayjon o‘z fuqarolarini Eronga bormaslikka chaqirdi
Iqtisodiyot
O‘zbek so‘mi 2022-yilda dollarga nisbatan 3,9 foizga qadrsizlandi. Milliy valyutaning almashuv kursi qanday o‘zgardi?