Andijon viloyatining Shahrixon tumanidagi Qal’acha mahallasida istiqomat qiluvchi Bahodir va Nilufarxon Sultonovlar oilasida uch egizak o‘g‘il dunyoga keldi. Bu haqda “Daryo” muxbiri Mirolim Isajonov xabar bermoqda.

Foto: “Daryo”

Andijon viloyati perinatal markazi shifokorlari 10-yanvar kuni soat 12:40 va 12:45 lar orasida tug‘ruqni muvaffaqiyatli amalga oshirdi. Hozirda onaning ham, egizaklarning ham ahvoli yaxshi. Ular shifokorlarning doimiy nazoratida.

- Bu xabarni eshitib judayam xursand bo‘ldik, - deydi chaqaloqlarning buvisi Ra’noxon Burxonova. – Uch nafar farzandim bor. Birinchi nevaralarimning egizakligidan cheksiz shodmiz. Ularga Umar, Holid va Ali, deya ism qo‘yishni niyat qilib turibmiz. Yurtimizdagi har bir oilada sog‘lom va shirintoy o‘g‘il-qizlar o‘yin-kulgisi yangrab tursin ilohim.

Ma’lumot uchun, Andijon viloyatida uch egizaklarning tug‘ilishi ko‘payib bormoqda. 2016-yilda 3 egizaklar 3 marta, 2017-yilda 6 marta, 2018-yilda esa 10 marta uch egizak dunyoga kelgan.

Eslatib o‘tamiz, 2018-yilning 18-dekabrida Toshkentda ham uch egizak tug‘ilgan, ularga Prezident sharafiga Shavkat, Miromon va Mirziyo ismlari qo‘yilgandi. Bolalarning otasiga Prezident sovg‘asi sifatida Cobalt mashinasi topshirildi.