Andijon viloyat perinatal markazi mutasaddilarining ma’lum qilishicha, 2018-yil mobaynida markazda 1 ta to‘rt va10 ta uch egizaklar tug‘ilishi qayd etilgan. Bu haqda “Daryo”ga jurnalist Umidjon Mamarasulov xabar berdi.

Foto: “Daryo”

Markaz chaqaloqlar bo‘limi katta hamshirasi Malikaxon Usmonovaning aytishicha, uch va to‘rt nafarli egizaklarning tug‘ilishi so‘nggi uch yilda ortgan. 2016-yilda uch egizaklar tug‘ilishi 3 tadan ortmagan bo‘lsa, 2017-yilda 1 ta to‘rt, 6 ta uch egizaklar tug‘ilishi kuzatilgan bo‘lib, tug‘ilish ikki barobarga ortgan. 2018-yilda esa bir marta to‘rttalik egizaklar dunyoga kelgan, uch egizaklar tug‘ilishi 10 taga yetgan.

Foto: “Daryo”

Birinchi uch egizak 14-iyunda Buloqboshi tumani, Shirmonbuloq shaharchasi, “Hayotbaxsh” mahallasida yashovchi Xidirovlar oilasida tug‘ilgan bo‘lsa, oxirgi o‘ninchi egizaklar 27-noyabrda Asaka tumani, Qovoqto‘pi qishlog‘ilik Zokirovlar xonadonida dunyoga kelgan.

Uch egizakli chaqaloqlarning uchtasi Shahrixon tumanida tug‘ilgan.

Ma’lumot uchun, viloyatda tug‘ilgan egizaklarning 27 tasi o‘g‘il, 7 tasi qiz jinsiga mansub.