“O‘zA”da Samarqand shahar Farhod shaharchasidagi oqova suv quduqlaridan chiqayotgan zararli chiqindilar yuzasidan olib borilgan tahlillar borasida jurnalist Anvar Mustafoqulovning maqolasi chop etildi. Ushbu maqola to‘lig‘icha berildi.
Nahotki, buni aniqlashga viloyatdagi tegishli nazorat idoralarining haqi yo‘q?
Samarqand shahar Farhod shaharchasidagi oqova suv quduqlaridan birida mutaxassislar tomonidan tahlil o‘tkazilgan. Mavjud me’yorlarga ko‘ra, suv tarkibidagi ammoniy azoti 5,0 milligrammdan oshmasligi kerak. Ammo namunadagi suvda bu ko‘rsatkich 199 milligrammni tashkil etgan. Xo‘sh, ushbu tahlilning tashvishli natijalaridan so‘ng nima qilindi? Aslida tahlil o‘tkazishga sabab nima bo‘lgan edi? Bu haqda keyinroq, hozir aholidan tushgan bir murojaat bo‘yicha.
O‘zbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktori Abdusaid Ko‘chimov ushbu hududdagi aholi bilan muloqot o‘tkazganida atrofdagi mahallalarda yashovchilar Farhod shaharchasida joylashgan suv tozalash inshootidan Zarafshon daryosining Oqdaryo irmog‘iga tushayotgan suvning yaroqsizligi, keyingi vaqtlarda hatto atrofdagi qishloqlarda ichimlik suvida o‘zgarish bo‘layotgani haqida shikoyat qildi.
Suv tozalash inshootining daryoga quyiladigan qismida bo‘lganimizda atrofdagi mahallalarda istiqomat qiluvchilar yetib kelishdi: barcha daryo suvining iflosligidan norozi. Ayrimlar daryo suvidagi o‘zgarish keyingi vaqtlarda ichimlik suviga ham ta’sir o‘tkazayotganini bildirdi. Kimdir bunga suv tozalash inshootidan chiqayotgan suv yaxshi tozalanmayotganini sabab qilib ko‘rsatsa, yana kimdir hammasiga shu hududdagi shirinmiya tomirini qayta ishlash zavodidan chiqayotgan oqova sabab deb biladi: “Nega bizning shikoyatlar hech qayerga yetib bormaydi? Nima uchun bu yerdagi ekologik falokat hech kimni tashvishga solmaydi?” Aholining aytishicha, suv tozalash inshooti havzasidagi suv har tongda bir necha baravarga ko‘pirib ketadi. Suv yaxshi tozalanmagan holda ochiq havzaga quyiladi. Daryo qirg‘og‘idagi fauna va flora kundan-kunga siyraklashib bormoqda.
Ishonish qiyin. Negaki, bu yerdagi suv inshooti atigi bir yil oldin, Jahon banki Xalqaro taraqqiyot uyushmasi moliyaviy ko‘magida juda katta mablag‘ evaziga qurib berilgan edi. Aniqrog‘i, Jahon bankining 49,3 million AQSh dollari kredit mablag‘lari hisobidan Samarqand shahridagi tozalash inshootlari va kanalizatsiya tizimlarini rekonstruksiya qilishning 2016-2019-yillarga mo‘ljallangan 2-bosqich qurilish-montaj ishlari amalga oshirilmoqda.
Aynan Farhod shaharchasidagi oqova suvlarini tozalash inshooti to‘liq rekonstruksiya va modernizatsiya qilinib, 28,8 kilometr yangi tarmog‘i qurilgach, Samarqand shahar aholisining oqova xizmatlari bilan ta’minlanganlik darajasini 70,1 foizga olib chiqishga erishilgandi. Inshootning ochilish marosimida endi uzoq yillar Farhod shaharchasi, Oqdaryo va Jomboy tumanining atrofdagi mahallalarida oqova bilan bog‘liq ekologik muammolar yuzaga kelmasligi qayta-qayta ta’kidlangan edi. Ehtimol, biz adashishimiz mumkindir. Ammo joriy yil aprel oyida ana shu inshootning tantanali ochilish marosimida Jahon banki vakili Devid Lord, viloyat hokimi o‘rinbosari, Samarqand shahar hokimi o‘rinbosari va boshqa ko‘plab mas’ullarning rasmiy bayonotlari barcha ommaviy axborot vositalarida e’lon qilingan.
Jumladan, Devid Lord Jahon bankining O‘zbekistonda suvlarni zararsizlantirish bilan bog‘liq loyihalarda 15 yildan buyon ishtirok etib kelayotganini faxr bilan ta’kidlar ekan, endilikda oqova suv bilan bog‘liq muammolarning yuzaga kelmasligiga umid bildirgandi. Xususan, aynan mazkur inshootning o‘ziga 3 118 606 AQSh dollari sarflanganini ma’lum qilgan edi.
Xo‘sh, nega bir-ikki yil ichida buncha katta mablag‘ havoga uchib ketdi? Bu ham mayli, aholi nima sababdan ekologik muammodan azob chekmoqda?
Bizga taqdim etilgan hujjatlarga ko‘ra, “Rays prodakshn biznes” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli shirinmiya ildizini qayta ishlovchi zavoddan chiqayotgan oqova suvlar ekologik taranglikka sabab bo‘lmoqda. Ammo mazkur zavod suvlari daryoga emas, aynan yuqoridagi suv tozalash inshootiga quyiladi. Vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida “Farhod” oqova suv tozalash inshootida bo‘ldik.
– To‘g‘ri, zavod oqova suvlari bizning inshootga keladi, – deydi shu inshoot rahbari Dilaver Shermatov. – Chunki ikki o‘rtada shartnoma imzolangan. Ammo zavoddan kelayotgan oqova suvlarning tarkibidagi kimyoviy moddalar biror-bir me’yorga to‘g‘ri kelmaydi. Bir necha marta ogohlantirishlarga qaramay kimyoviy moddalar aralashgan suv inshootimizga kelib tushmoqda. “Farhod” oqova suv tozalash inshooti 3 118 606 dollarga Yevropadagi eng zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan. Butun dunyo tajribasidan kelib chiqib, bizda ham oqova suvlar biologik yo‘l bilan tozalanadi va ochiq havzaga quyiladi. Biz kerakli bakteriyalar yordamida suvni tozalaymiz. Qoidaga ko‘ra, bunday holatda zavodlar oqova suvga birinchi ishlovni berib, keyin inshootga yuborishlari kerak. Ammo bizga kelayotgan oqova suvda kimyoviy moddalar haddan tashqari ortiq. Buning oqibatida navbati bilan ishlashi kerak bo‘lgan reaktorlarimiz 6 soat o‘rniga 12 soatdan ishlamoqda. Shunda ham afsuski, suv tozalash imkoni yo‘q. Bundan ham yomoni, kimyoviy moddalar ta’sirida bakteriyalar qirilib, inshoot faoliyati me’yorida bo‘lmayapti. Qaytadan bakteriya olib kelamiz. Ammo yana kimyoviy moddalar ta’sirida qirilib ketadi. Erta tongda inshoot havzasidagi suvning ko‘pirib ketishiga sabab ham kimyoviy moddalar bilan bog‘liq. Chunki ana shunday oqova suv bizga kechasi yetib keladi.
Savol tug‘iladi: bitta zavod faoliyati ekologiyaga shunchalik zarar keltirayotgan, aholining bir necha yildan beri e’tiroziga sabab bo‘layotgan va nihoyat, 3 million 118 606 dollarlik inshootning yaxshi ishlamayotganiga sabab bo‘layotgan ekan, nima uchun tegishli chora ko‘rilmaydi? Surishtiruv natijasi yana ham achinarli.
Viloyat “Suvoqova” davlat unitar korxonasi rahbar K.Yusupov bilan gaplashdik. Uning aytishicha, bugunga qadar viloyat “Suvoqova” davlat unitar korxonasi tomonidan bir necha marta “Rays prodakshn biznes” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga ayni muammo yuzasidan xat yuborilgan, ogohlantirilgan, ammo natija bo‘lmagan. Ayrim xatlarga javob ham olinmagan. Hatto bir marta zavod oqova suv tarmog‘i uzib ham qo‘yilgan. Ammo shartnomani bir tomonlama uzish huquqi bo‘lmagani sababli qayta ulashga majbur bo‘lgan. Xuddi shunday, viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi tomonidan ham, aholi tomonidan ham “Rays prodakshn biznes” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga murojaatlar qilingan.
Bu bo‘yicha “Rays prodakshn biznes” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbariga uchradik. Uning gaplarini aynan keltiramiz (audioyozuv tahririyatda bor):
– Bizda respublika ekologiya qo‘mitasi va Sog‘liqni saqlash vazirligidan 2020-yilgacha litsenziya bor, – deydi O.Asimov. – Kelib hammasini ekspertizadan o‘tkazgan. 60 foiz ekologiyaga pul to‘laymiz, eksport qilamiz. O‘zimizning laboratoriya ham bor. Bu yerda yana boshqa quvurlar, “shippak” zavodi bor. Bir safar bu yerdagi ichgan bolalarni haydagan edik, bittasini prokuraturada ishlagan tanishi bor ekan, yozibdi… Kelsin, komissiya tekshirsin…
Biz ekologiya qo‘mitasi va “Suvoqova” DUK xodimlarining zavodga kirib haqiqiy ahvolni ko‘rish imkoni bo‘lmayotgani xususida eshitganimiz sababli zavod rahbariga yana savol bilan murojaat qildik:
– Demak komissiya kelib haqiqiy ahvolni ko‘rsa bo‘ladi, shundaymi?
– Bemalol, bemalol, faqat hozir zavod faoliyati to‘xtagan. Bilasizmi, qachon ishlaydi, fevralning 15-larida ishga tushadi…
Xullas, izohga hojat yo‘q. Bilganimiz shuki, tabiatni muhofaza qilish qo‘mitasi mutaxassislariga ko‘ra, “shippak” zavodidan oqova suv chiqmaydi. Modomiki, zavodga Respublika ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi, Sog‘liqni saqlash vazirliklari 2020-yilgacha ruxsatnoma berishgan ekan, bugungi holatni ham bir nazorat qilib ko‘rishlari shart emasmi? Chunki 15-fevralgacha u yerga hech kim kira olmaydi (ehtimol, undan keyin ham kira olmas, negaki, shu vaqtgacha bir necha marta shu holat kuzatilgan). Aks-holda, tabiatga 5 milligramm ammoniy o‘rniga – 199, 0.11 milligramm temir o‘rniga – 3 milligramm, 0 o‘rniga – 1.2 milligramm sulfid, 15 o‘rniga – 5000 milligrammdan ortiq oshirilgan zararli moddalar quyilishda davom etadi. Bu esa ekologik halokat degani.