“Daryo” muxbiri Azizbek Abduvaliyev o‘zbek jurnalistlari delegatsiyasi tarkibida Xitoy safarida bo‘lib qaytdi. Safar davomida Pekin, Fudjou, Syamin shaharlarida bo‘lib, ulardagi o‘rgansa bo‘ladigan jihatlarga e’tibor qaratdi.
Aholisi 20 million, avtomobillar soni 5 milliondan oshadigan Pekinda yo‘l harakati xavfsizligi xodimlari deyarli uchramaydi. Hech kim qizil tayoq ko‘tarib chiqmaydi, mashinalarni to‘xtatib, so‘roq-savol qilmaydi. Barcha asosiy yo‘llarga kameralar o‘rnatilgan, yo‘l harakati ular orqali to‘liq nazorat qilinadi.
Shundoq ham tirband yo‘llarda velosiped va mopedlar uchun alohida yo‘laklar ajratilgan. Ularning ijarasi ham juda ommalashgan. Velosiped, moped, hatto avtomobil kerak bo‘lsa, ular turgan manzillarni aniqlaysiz, telefon orqali to‘lov qilasiz va minib ketaverasiz. Ishingiz bitganidan keyin yana o‘sha atrofdagi maxsus manzilda qoldirib ketishingiz mumkin. Juda qulay, betashvish va arzon.
Avtomobil oynalari qoraytirilgani uchun pul olinmaydi. Pekinda aksar mashinalar va mikroavtobuslar oynalari qoraytirilgan. Bizga hamrohlik qilgan ekskursovodga berilgan “Buning uchun qancha pul to‘laysizlar?” degan savol unda taajjub uyg‘otdi. “Yoz paytlari yaxshigina jazirama bo‘ladi, shuning uchun ko‘pchilik, jumladan, o‘zim ham mashina oynasini qoraytirib olganman. Buning uchun hech kimga hech qanday pul to‘lanmaydi”, deydi u.
Avtomobillarni yo‘l chetlarida qoldirish mumkin, buning uchun jarima solinmaydi yoki evakuator olib ketmaydi. Asosiysi, harakatga xalaqit bermasa bo‘lgani.
Yo‘llar nihoyatda tekis va sifatli. Pekin markazida ham, chekkasida ham (hatto olis provinsiyada ham). Vaholanki, bu yerda ham yozi jazirama, qishi esa sovuq. Ya’ni, yo‘l qoplamasini tez ishdan chiqaradigan “noqulay iqlim sharoitlari” bu yer uchun ham begona emas.
Yo‘l harakati ishtirokchilarida madaniyat shakllangan. Mashinalar, mopedlar, velosipedlar, rikshalar nihoyatda ko‘p. Biri ikkinchisini kesib o‘tib ketadi, to‘satdan oldidan chiqib qoladi. Lekin hech kim quloqni qomatga keltirib signal chalmaydi, bir-biri bilan yoqa talashmaydi yoki dahanaki jang qilmaydi. Yo‘ldagi har bir holatga xotirjamlik va sovuqqonlik bilan yondoshiladi.
Osmono‘par inshootlar bilan qurshalgan Pekinning deyarli har bir ko‘chasida yangi bino qad rostlamoqda. Ammo ularning atrofi tartib bilan ihota qilingani va yashil to‘rlar bilan o‘ralgani sababli deyarli ko‘zga tashlanmaydi. Oradan hech qancha o‘tmay yana bir ko‘rkam bino qad rostlaganini sezmay ham qolasiz.
Dov-daraxtlarga e’tibor nihoyatda katta. Har biriga kichik hudud ajratilgan, chiroyli shakl berilgan, ayrimlariga tirgak ham qo‘yilgan. Bu ularning shamol va dovullarga dosh berishi, to‘g‘ri o‘sishini ta’minlaydi. Daraxtlar yangi bino qurilishi yoki yo‘l ochilishi tufayli tag-tugi bilan olib tashlanmaydi.
Ularning qadimiylariga turli rangdagi temir tablichkalar yopishtirilgan. Tablichkalar rangiga qarab, daraxt necha yoshda ekanligini bilib olish mumkin.
Pekindek ulkan megapolis ko‘chalarida reklamaga ko‘zimiz tushmadi. Poytaxt ma’murlari ularni shahar ko‘rinishi va me’morchiligiga rahna soladi, deb hisoblar ekan.
Tarixga, obidalarga ehtirom kuchli. Pekindagi Samoviy ibodatxona, imperator saroyi va boshqa tarixiy komplekslardagi aksari sayyohlar xitoyliklarning o‘zi. Ular tarixga ehtirom bilan yondoshishi, ildizlarini bilishga intilishi sezilib turadi.
Xususan, yoshlar orasida ham.
Ko‘chalarda aynan qaysidir shaxs emas, tarixdagi ma’lum bir sanalar, voqealar yoki kasb egalariga bag‘ishlangan haykallar ko‘p.
Pekin nafaqat probkalar, balki pianinolar shahri ham ekan. Yo‘l boshlovchimizning aytishicha, o‘zini hurmat qilgan va imkoniyati ko‘targan har bir xitoylikning uyida shu musiqa asbobi bor. Pianino saboqlarini o‘rgatadigan to‘garaklarga qatnash ko‘pchilik bolalarning kun tartibidan o‘rin olgan.
Pekinliklarda poytaxt aholisiga xos snobizm kuzatilmaydi. Ular oddiy va o‘zi uchun qulay tarzda kiyinadi. Qarshingizda kamtarona kiyim-bosh bilan turgan shaxs aslida katta amaldor yoki biznesmen bo‘lishi mumkinligi xayolingizga ham kelmaydi.
Shaharlarda suv sepadigan mashinalar deyarli har soatda ko‘cha aylanadi. Shu bois ko‘chalar toza va g‘ubor yo‘q.
Ko‘priklar esa manzarali gullarga burkangan.
Ko‘chalarda matbuot stendlari saqlanib qolgan. Yangi gazetalar bilan o‘sha yerda tanishish, yangiliklardan nafaqat televideniye, internet yoki radio, balki nashrlar orqali ham har kuni xabardor bo‘lish mumkin.
Xullas, Pekin va Xitoyning boshqa shaharlaridagi o‘rgansa bo‘ladigan jihatlar talaygina. Yuqoridagi misollar bilan ularni ideallashtirmoqchi emasmiz, o‘ziga yarasha kamchiliklari ham yo‘q emas. Xususan, internet tezligi borasida. Unday desak, hozir o‘zimiz ham bu borada maqtangudek holatda emasmiz...
Izoh (0)