Bugun,

  • USD 11014.01
  • RUB 191.8
  • EUR 10674.78

Davlat xizmatlari agentligi matbuot xizmati o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratlar muammosi va uning yechimi yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar xususidagi maqolani “Daryo”ga taqdim etdi. Quyida ushbu maqola e’tiboringizga havola etiladi.

Foto: Google Photos

Foto: Google Photos

Davlat idoralari, eng avvalo, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat vakolatli organlarning beparvoligi sababli, uy-joyga ega bo‘lish va qurishning qonuniy mexanizmlari mavjud bo‘lishiga qaramasdan minglab fuqarolar ko‘p yillar davomida o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalarida uy-joylarni noqonuniy barpo etishgan.

Hozirgi kunda bu masala butun respublika bo‘yicha ommaviy tus olib, uy-joy uchun zarur hujjatlarning mavjud emasligi tufayli aholi o‘rtasida boshqa ijtimoiy muammolarni kelib chiqishiga sabab bo‘lmoqda. Masalan, haqiqatdan ham yashab turgan joyida ro‘yxatdan o‘tish, mulk huquqiga ega bo‘lish va uni amalga oshirish imkoniyati mavjud emasligiga olib keldi.

Umumiy qilib olganda, mazkur masala bo‘yicha O‘zbekiston Prezidentining Virtual qabulxonasiga hamda deputatlar, senatorlar, davlat hokimiyati vakillari tomonidan o‘tkazilgan sayyor qabullarda 8 mingdan ortiq murojaatlar kelib tushgan.

Ularni yechimini topish maqsadida, prezident farmoni hamda Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori imzolangan. Unga ko‘ra, 2019-yil 1-mayga qadar fuqarolarning o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalarida yoki tegishli ruxsatsiz qurilgan imoratlarga nisbatan mulk huquqini e’tirof etish bo‘yicha bir martalik umumdavlat aksiyasi e’lon qilindi. Ijro etish uchun esa, mansabdor organlar vakillari qamrab olingan maxsus komissiya shakllantirildi.

Jarayonni kim sustlashtirayapti?

O‘zboshimchalik bilan qurilgan uy-joyga mulk huquqini beruvchi qarorni olish uchun maxsus komissiya tuzilgan bo‘lib, uning a’zolari o‘rtasida axborot almashish uchun idoralararo elektron hamkorlik tizimi — Kadastr 2.0 orqali yo‘lga qo‘yilgan. Aslida, bu — fuqarolarning murojaatlari o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilishi uchun joriy etilgan edi.

Fuqaro tuman yoki shahar Davlat xizmatlari markaziga ariza bilan murojaat etishi bilan, uning harakati to‘xtab, hujjatlar elektron harakatlanishni boshlashi, ishchi guruh tomonidan masala hal etilgach, tayyor hujjatlar yana elektron shaklda Davlat xizmatlari markaziga kelib tushishi, fuqaro esa belgilangan summani to‘lab, davlat organlari faoliyatidan rozi bo‘lib, tayyor hujjatlarni olib chiqib ketishi lozim edi.

Agentlik mutaxassislari tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar — mazkur davlat xizmatini ko‘rsatishda ishtirok etuvchi vakolatli idoralar mutassadi xodimlari ko‘pgina xatoliklar, noqonuniy harakatlar va belgilangan reglamentni buzish holatlariga yo‘l qo‘yganlari aniqlandi.

Xususan, shu kunga qadar Davlat xizmatlari markazlariga o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratlarga nisbatan mulk huquqini e’tirof etish bo‘yicha 54 814 ta ariza kelib tushdi. Shundan, 8008 tasi bo‘yicha tuman yoki shahar hokimining qarori qabul qilindi, 8269 tasi bo‘yicha hisob-faktura berildi va 8747 tasi rad etildi.

Bu degani, kelib tushgan arizalarning bor yo‘g‘i 15 foizga yaqini qanoatlantirildi. 54 foizning ko‘rib chikish jarayoni esa, mansabdor organ vakillari tomonidan xali hamon cho‘zilyapti.

Viloyatlarda ahvol qanday?

O‘tkazilgan o‘rganishlar hamda “Kadastr 2.0” tizimidan olingan ma’lumotlar tahliliga ko‘ra, umumdavlat aksiyasi doirasida tashkil etilgan komissiya a’zolari tomonidan ko‘chmas mulk obyekti bo‘yicha o‘z xulosalarini belgilangan muddat mobaynida taqdim qilinmay, qator qonun buzilishi holatlari barcha viloyatlar kesimida kuzatilmoqda.

Masalan, birgina Namangan viloyatida bugunga qadar Namangan shahar soliq inspeksiyasi tomonidan 210 ta va Pop tuman soliq inspeksiyalari tomonidan 64 ta, Namangan shahar DSENM tomonidan 512 ta, Namangan shahar Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish inspeksiyasi tomonidan 203 ta, Namangan shahar qurilish bo‘limi tomonidan 510 ta holatda muddat buzilishi holatlari sodir etilganligi aniqlanib, mazkur holatlar yuzasidan ma’muriy bayonnoma tuzildi. 5 nafar mas’ul shaxsga nisbatan boshqarma tomonidan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish yuzasidan qarorlar qabul qilindi.

Surxondaryo viloyatida 5 mingdan ortiq arizalar kelib tushgan, shundan faqat 949 ta murojaat bo‘yicha tuman hokimligining tegishli qarori chiqarilgan. 4500 dan ziyon arizalarning ijrosi ta’minlanmasdan qolmoqda.

Hatto shu kunga qadar umuman qaror berilmagan tumanlar ham mavjud. Misol uchun, Sho‘rchi tuman Davlat xizmatlari markaziga 447 ta murojaat kelib tushgan, ammo birortasi mutasaddi organlar vakillari tomonidan ko‘rib chiqilmagan va yakuniy hulosa fuqarolarga berilmagan. Denov tumanida 370 ta kelib tushgan murojaatdan 25 tasi qanoatlantirildi, Jarqo‘rg‘onda 777 tadan 22 tasi, Boysunda 94 tadan 4 tasi, Oltinsoy tumanida 541 tadan 21 tagina arizaga komissiya tomonidan ijobiy hulosa berildi. Umumiylashtiradigan bo‘lsak, Surxondaryo viloyati komissiyasi eng sustlardan biri — berilgan qarorlar o‘rtacha ko‘rsatgichi 4 foizni ham tashkil etmaydi.

Farg‘ona viloyatida 3 640 ta kelib tushgan arizadan 1712 ta ariza muddati o‘tgan. Natijada murojaat etgan fuqarolarning 50 foizga yaqinining davlat idoralaridan va joriy etlayotgan islohotlardan noroziligiga sabab bo‘lmoqda.

Andijon viloyati shahar va tumanlarida ham yer resurslari va davlat kadastri bo‘limlari, qurilish bo‘limlari, davlat soliq inspeksiyalari, ichki ishlar va yong‘in xavfsizligi bo‘limlari, davlat sanitariya va epidemiologiya nazorati markazlari, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘limlari mutasaddilari normativ-huquqiy hujjatlarda belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida bajarmayotganligi aniqlandi.

Ko‘chmas mulkka nisbatan mulk huquqini e’tirof etish bo‘yicha 800 dan ortiq kelib tushgan arizadan, bor yo‘g‘i 95 tasi hal qilinib, mulk huquqini e’tirof etish to‘g‘risida qaror chiqarilgan. Qolgan ariza ijrosi hozirga qadar ta’minlangani yo‘q. Tumanlar bo‘yicha oladigan bo‘lsak, Jalaquduqda 152, Andijon shahrida 71, Paxtaobodda 72, Qo‘rg‘ontepada 70, Marhamatda 55 ta ariza o‘z ijrosini kutmoqda. Bular-ku mayli, Xonobod shahri, Andijon, Buloqboshi, Izboskan tumanlarida shu kunga qadar birorta ham noqonuniy qurilgan uyga nisbatan hokimliklarning qarori qabul qilinmagan.

Aybdorlarga chora ko‘riladimi?

Bu savol arizasiga o‘z vaqtida tegishli javob ololmagan barcha fuqarolarni qiynayotgan bo‘lsa kerak.

Yuqorida aytib o‘tilgan Vazirlar Mahkamasining qarorida, joylardagi komissiyalar, qarorda nazarda tutilgan vazifalarni o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi uchun shaxsan javob berishlari belgilab qo‘yilgan.

Hozirgi kunda ushbu davlat xizmatini ko‘rsatishda qonun buzilishi holatlariga yo‘l qo‘ygan 184 nafar shaxsga nisbatan Davlat xizmatlari agentligi tomonidan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnomalar rasmiylashtirildi va vakolatli organlarga 84 taqdimnoma kiritildi. Qo‘llanilgan ta’sir choralariga asosan 166 nafarmutasaddi organlarning xodimlari ma’muriy, 61 nafari esa intizomiy javobgarlikka tortildi. 5 nafar shaxs vazifasidan ozod etildi.

Viloyatlarga nazar soladigan bo‘lsak, Davlat xizmatlari agentligi Surxondaryo viloyati boshqarmasi tomonidan 21 nafar mansabdor shaxslar ma’muriy javobgarlikka tortildi. Mulk huquqini e’tirof etish bo‘yicha arizalar ijrosi hali hanuz ta’minlanmasdan qolmoqda.

Xulosa o‘rnida ta’kidlash joizki, hozirgi kunda respublikamiz bo‘ylab o‘tayotgan bir martalik umumdavlat aksiyasi, xalqimizga qulayliklar va yashab turgan uy-joylariga tegishli huquqqa ega bo‘lishiga yo‘naltirilgan.

Bu borada davlat idoralari vakillari o‘z vazifasiga sovuqqonlik bilan yondashuvi xalqning davlat organlariga bo‘lgan ishonchini susayishiga sabab bo‘lmoqda.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Madaniyat
Instagram: Ustozlarini tabriklayotgan mashhurlar, onasiga qo‘shni bo‘layotgan Nilufar Usmonova, Ziyodaning volidasiga atalgan syurprizi
Sport
A Seriya. “Roma” Eldor Shomurodov maydonga tushmagan o‘yinda “Inter”ni mag‘lub etdi
Dunyo
Nikaragua hukumati Niderlandiya bilan diplomatik munosabatlarni uzdi