Orol dengiziga sayyohlarni olib chiquvchi “Moynaq tour” sayyohlik agentligi xodimlari Orolning suvi yaxshi saqlanib qolgan Oqtumsiq burunida yirik akulaning tishini topib oldi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Ayni paytda ushbu tish Nukus shahridagi “Ratmina” mehmonxonasida ko‘rgazmaga qo‘yilgan.
“Biz Orol dengizining qurigan tubidan shunga o‘xshash ko‘plab tish topganmiz, lekin ularning hajmi kichik edi”, — deydi Moynaq Tour sayyohlik agentligi direktori Amina Bekjanova. — “Faraz qilishimizcha, ular akulaning tishi bo‘lsa kerak. Lekin yangi topilgan tish eng kattasi hisoblanadi. Shu kungacha bunaqa katta tish uchramagan”.
Mo‘ynoqlik nuroniy baliqchilar Orol dengizi mavjud paytida unda akulalar bo‘lganligini inkor qiladi.
Vikipediya ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu tish qadim zamonlarda yashagan akulalarning qadimiy avlodi megalodonga tegishlidir.
Megalodon — yo‘qolib ketgan akulaning bir turi. U qadimiy oligotsen (33—24 million yil avval) davridan pleystotsen (2 million — 10 ming yil avval) davrigacha yashagan.
Megalodon akulalar o‘rtasidagi eng kattasi va kuchlisi bo‘lgan. Uzunligi 16 metr, vazni 47 tonnagacha bo‘lgan. Tishlash kuchi 10,8 tonnagacha yetgan. Manbalarga ko‘ra, megalodonlar butun dunyo bo‘ylab tarqalgan.
Toshga aylangan akula tishlari Ustyurt platosida ham ko‘plab topilgan.
Ilmiy manbalar qadimda Kaspiy dengizi bilan Orol dengizi bir bo‘lganligini, Ustyurt, Qoraqum, Qizilqum singari cho‘llar Tetis okeanining tubi bo‘lganligini tasdiqlaydi. Ustyurtda, Qizilqumda chig‘anoqlarning ko‘p uchrashi buning yaqqol dalilidir.
Vikipediya ma’lumotiga ko‘ra, Tetis okeani deyarli milliard yil oldin mavjud bo‘lgan (miloddan avvalgi 850 millioninchi yildan 5 millioninchi yilgacha).
Ustyurt, Qoraqum, Qizilqum singari cho‘llar esa bundan 20—30 million yil ilgari paydo bo‘lgan.
Ustyurt Kaynozoy erasi o‘rtalari qoldig‘i bo‘lib (21 million yil oldin paydo bo‘lgan), ikki materikning to‘qnashuvidan yuqoriga chiqib qolgan.
Demak, Orol dengizidan topilgan ushbu tishlarning yoshi millionlab yillar bilan o‘lchanadi degan farazni ilgari surish mumkin, deyiladi O‘zA xabarida.