Yaponiyaning Osaka prefekturasidagi kuchli zilzila oqibatida halok bo‘lganlar soni to‘rt kishiga yetdi. Bu haqda mahalliy hukumat vakillariga tayanib, NHK telekanali xabar bermoqda, deb yozadi “RIA Novosti”.
Telekanalning ma’lum qilishicha, 18-iyun, dushanba oqshomida Osaka prefekturasi Takatsuki shahrining 81 yoshli fuqarosi halok bo‘lganligi tasdiqlandi. Avvalroq uch kishi, jumladan, to‘qqiz yoshli qizaloqning halok bo‘lganligi xabar qilingan edi.
Eslatib o‘tamiz, 18-iyun tongida Osaka prefekturasida 6,1 magnitudali yer silkinishi yuz berdi. Yerosti silkinishlari mahalliy vaqt bilan 07:58 da qayd etildi.
Oxirgi ma’lumotlarga ko‘ra, 358 kishi turli darajadagi og‘irlikdagi jarohatlar olgan.
Zilzila oqibatida Yaponiyaning 100 mingdan ortiq oilasi gazsiz qoldi, 110 ming xo‘jalikda elektr ta’minoti to‘xtagan. Yer silkinishi temiryo‘l transporti faoliyatida uzilishlarga olib kelgan. Metropoliten va shahar temiryo‘llarining bir qismi zilziladan 12 soat o‘tib ochila boshlagan. Osakadagi Kansay xalqaro aeroportida samolyotlar parvozi va qo‘nishi vaqtinchalik taqiqlangan. Butun prefektura bo‘ylab 391 ta vaqtinchalik joylashtirish punkti tashkil etilgan.
Izoh (0)