Nogironligi bo‘lgan shaxslarning avtotransport vositalaridan foydalanishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi Hukumat qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining “Huquqiy axborot” kanaliga tayanib, “Xabar.uz” ma’lum qildi.

Foto: “Kommersant.uz”

Qaror bilan nogironligi bo‘lgan shaxslarning foydalanishi uchun respublikada ishlab chiqarilgan yengil avtomobillarni maxsus uskunalar bilan qayta jihozlash mazkur shaxslarning buyurtmalariga asosan GM Uzbekistan AJ rasmiy dilerlarining ixtisoslashtirilgan servis markazlari orqali amalga oshirilishi belgilandi.

Shu maqsadda, “O‘zavtosanoat” AJga 2019-yil 1-yanvargacha bo‘lgan muddatda GM Uzbekistan AJ rasmiy dilerlarini zarur vosita va uskunalar bilan ta’minlash vazifasi yuklandi.

Endilikda bozorlar, savdo majmualari va boshqa obyektlar hududlaridagi to‘xtab turish joylari umumiy maydonining kamida 5 foizi (kamida 2 ta joy) I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarning avtotransport vositalari to‘xtab turishi uchun ajratiladi.

To‘xtab turish joylaridan uzoq va noqulay joyda joylashgan obyektlari atrofida nogironligi bo‘lgan shaxslarga tegishli avtotransport vositalari uchun vaqtinchalik to‘xtab turish joylari tashkil etiladi va to‘xtab turish joylaridan foydalanganlik uchun nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda 16 yoshgacha nogiron bolasi bo‘lgan ota-onalardan haq olinmaydi.