Shavkat Mirziyoyevning Toshkent viloyatiga safari chog‘ida yosh bolakaylardan biriga kutilmaganda mamlakat Prezidenti bilan suhbatlashish nasib qilib qoldi va u orzusi “Bunyodkor” futbol akademiyasida to‘p tepish ekanini aytdi. Prezident uning orzusini ro‘yobga chiqardi hamda “Bunyodkor” akademiyasining eshiklarini ochib berdi.

Foto: “Bunyodkor”

Millionlar o‘yini rivoji uchun akademiyalar juda zarur. Bunda faqatgina nom rol o‘ynamaydi, balki unda ishning qanday tashkil etilgani ham muhim omillardan biridir. “Bunyodkor” rasmiy sayti o‘z akademiyasi qanday faoliyat ko‘rsatayotgani masalasidagi maqola bilan chiqish qildi.

Unda aytilishicha, “Bunyodkor” futbol klubi tashkil topganiga 12 yil vaqt to‘lgan. O‘tgan lavr ichida hukumat tomonidan zamonaviy “Bunyodkor” stadioni foydalanishga topshirilgan, kelajakka poydevor sifatida bolalar futbol akademiyasi ishga tushirilgan. Klub 10 yil ketma-ket Chempionlar Ligasida to‘p surdi va unda ikki bor yarim finalgacha yetib bordi. 5 marta O‘zbekiston chempioni, 4 bor mamlakat kubogi sohibi va bir marta O‘zbekiston Superkubogi egasi bo‘ldi. Klub akademiyasining tarbiyalanuvchilari 5 marta Yoshlar Ligasi g‘olibligini qo‘lga kiritdi.

Foto: “Bunyodkor”

Maqolada aytilishicha, bu yutuqlarning barchasi dastlabki 6 yilga to‘g‘ri keladi. Biroq so‘nggi 4 yil davomida “Bunyodkor” hech qanday sovringa ega chiqa olmagan. Jamoaning barcha yutuqlarida bevosita mehnat qilgan Mirjalol Qosimov klubni tark etgandi. Bu 2014-yilning apreliga to‘g‘ri keladi. Masalaning sub’ektiv sabablar esa to‘liq ochiqlanmagan, aytilishicha, hozirgi kunga kelib ish yana jonlangan.

O‘zgarishlar

Foto: “Bunyodkor”

O‘tgan yilning mayida klub bosh direktori Baxtiyor Boboyev iste’foga chiqarilib, uning o‘rnini Murod Aliyev egalaldi. Uning birinchi buyrug‘i esa o‘zbek futboli afsonasi Mirjalol Qosimovni bosh murabbiy etib tayinlash bo‘ldi. O‘shanda vaziyat ancha og‘ir edi. OChL guruhini so‘nggi o‘rin bilan yakunlagan jamoa, O‘zbekiston chempionatida 13-pog‘onani egallab turgandi. Lushchan boshqaruvida “qaldirg‘ochlar” 8 ta bellashuvning 2 tasida zafar quchgan, yana shuncha o‘yinda imkoniyat boy berilgandi. Mavsum avvalida Lushchan to‘plash mumkin bo‘lgan maksimal ochkolarning 33 foiziga ega chiqqan bo‘lsa, Qosimovda bu ko‘rsatkich 64 foizni tashkil qildi. Ammo yo‘qotilgan qimmatli ochkolar o‘rnini to‘ldirishga imkon bo‘lmadi va “Bunyodkor” ilk bor OChL yo‘llanmasidan quruq qoldi.

Bir qadam orqaga, ikki qadam oldinga

Asosiy jamoamiz 3 yil mobaynida bir emas, uch qadam orqaga tashlagan bo‘lsa-da, biz kelajakka ishonch bilan qaraymiz. Muassislarimiz “O‘zbekneftegaz” va “O‘ztrangaz” tashkilotlarining doimiy ko‘magi bizga shijoat va kuch bag‘ishlaydi.

O‘tgan yil Shuhrat Maqsudovni o‘rinbosarlar uchun olib keldik va tarbiyalanuvchilarimiz Yoshlar ligasi g‘olibligini qo‘lga kiritdi. Murod Otajonov boshqaruvida 2000-yil tarbiyalanuvchilari 2-liganing Toshkent mintaqasida zafar quchdi. Denis Korostichenko murabbiylik qilgan 2001-yil tarbiyalanuvchilarimiz esa Buxorodagi Oliy va Birinchi Liga tayyorlov guruhi musobaqasida bosh sovrinni qo‘lga kiritdi. Ya’ni, yaqin zaxira o‘z salohiyatiga ega ekani ko‘rindi.

Murod Aliyev, “Bunyodkor” bosh direktori

Foto: “Bunyodkor”

Akademiya

Islom Karimov tashabbusi bilan bunyod etilgan hamda amaldagi Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida faoliyat yuritayotgan bolalar-o‘smirlar futbol maktabi “Bunyodkor”ning eng katta boyligidir. Akademiyada faqat futbol mashg‘ulotlari bilan chegaralanib qolinmaydi, unda yosh futbolchilar bilimli va zehnli bo‘lib yetishishlari uchun maxsus o‘quv kurslari ham tashkil etilgan.

Foto: “Bunyodkor”

Buni amalga oshirish uchun malakali kadrlar tanlab olingan. Akademiya tarbiyalanuvchilari milliy, olimpiya, yoshlar va o‘smirlar terma jamoalari safida vatanimiz sharafini himoya qilmoqda. 2015-yil Yangi Zelandiyadida bo‘lib o‘tgan U20 Jahon Chempionatida termamiz chorak finalgacha yetib bordi. Yil yakunida Osiyoning “Eng yaxshi yosh futbolchisi” yo‘nalishiga tanlab olingan uchala nomzod ham “Bunyodkor” tarbiyalanuvchilari edi: Doston Hamdamov, Eldor Shomurodov, Zabihillo O‘rinboyev. Bunaqasi hali futbolimiz tarixida bo‘lmagandi.

Bu e’tirof bevosita akademiyamizga ham taaluqli edi va tez orada bu o‘z isbotini topdi. 2017-yilning noyabr oyida Kuala-Lumpur shahrida OFK qit’adagi elit klublar murabbiylari forumini o‘tkazdi. Forumda “Bunyodkor” futbol maktabi qit’adagi eng yaxshi 10 ta akademiya qatoriga kirishi rasman e’tirof etildi.

Yaqinda 23 yoshgacha futbolchilar o‘rtasidagi Osiyo chempionligini qo‘lga kiritgan terma jamoamiz millionlab yurtdoshlarimizga olam-olam quvonch keltirishdi. Quvonarlisi, bu tarkibdagilardan 5 nafari — darvozabon Dilshod Hamroyev, himoyachilar Rustam Ashurmatov, Akrom Komilov, Islom Qobilov, yarim himoyachi Doston Hamdamov bizning tarbiyalanuvchilardir. Musobaqa nihoyasiga yetganidan so‘ng, mamlakat Prezidentining “Agar adolat bo‘lsa, korrupsiya bo‘lmasa nima bo‘lishi mumkinligini kecha futbol ko‘rsatdi”, — degan fikrlariga barcha yurtdoshlarimiz qatorida biz ham to‘laligicha qo‘shilamiz va shunday bo‘lishiga ishonamiz. Bu — akademiya tarbiyalanuvchilarini yetishtirish borasida olib borayotgan faoliyatimizningning eng ustivor yo‘nalishi hisoblanadi.

Murod Aliyev, “Bunyodkor” bosh direktori

Akademiya tarbiyalanuvchilari nafaqat O‘zbekiston, balki xorijda ham to‘p surmoqda. Sardor Rashidov Qatarning “Al-Jaish”, BAAning “Al-Jazira” klublarida o‘ynab qaytdi, Otabek Shukurov “Sharja”, Eldor Shomurodov Rossiyaning “Rostov” klubida faoliyat yuritmoqda. Rustam Ashurmatov, Akrom Komilov, Islom Qobilov, Doston Hamdamov, Mirjamol Qosimov, Xurshid G‘iyosov, Nurillo To‘xtasinovlar asosiy tarkib o‘yinchisiga aylangan bo‘lsa, o‘tgan mavsumda Dilshod Hamroyev va Sardor Azimov “Navbahor”, Javoxir Qaxramonov va Ergash Ismoilov “Buxoro”, Sanjar Qodirqulov va Javohir Esonqulov “Metallurg” jamoalari ijaraga berildi. Zabihillo O‘rinboyev “Paxtakor”ga transfer qilindi.

Foto: “Bunyodkor”

Yangi ibora — ma’naviyatli futbolchi

Akademiya tarbiyalanuvchilari futbol bilan birgalikda bilimini ham kuchaytirishga alohida e’tibor qaratadi. Ular ma’naviyat va ma’rifat, rus tili, ingliz tili, psixologiya fanlaridan saboq olish bilan birga, akrobatika va suzish bo‘yicha maxsus dasturlarni o‘zlashtirmoqda. “Bunyodkor” talabi shunday: faqat iqtidorli bo‘lishning o‘zi kam, tarbiyalanuvchilar har tomonlama bilimli, zukko, tarbiyali, umumiy qilib aytganda, ma’naviyatli va ma’rifatli bo‘lib yetishishi shart.

Foto: “Bunyodkor”

Avvallari har bir yil uchun 25 dan ortiq futbolchi akademiyaga olinmagani sabab, akademiyaga unga kirish ancha mashaqqatli hisoblangan. Hozir esa yilda 75—80 nafar bola shug‘ullanmoqda. Asosiy tarkib “A” guruhida jamlangan bo‘lsa, ularning qolgan tengdoshlariga ham imkon berish maqsadida “B” va “S” tijorat guruhlari tashkil etilgan. Ularning har biriga alohida murabbiylar biriktirilgan. Eng muhimi, yuqoridagi kabi o‘quv darslari barchaga barobar o‘tkaziladi, bu borada hech qanday cheklov yo‘q.

Yangiyo‘llik bolakay orzusi “Bunyodkor” akademiyasida tahsil olish ekanini bildirgani, biz uchun o‘ziga xos sharaf bilan birga, mas’uliyat ham yuklaydi. Yurtimizning qaysi go‘shasidan bo‘lmasin, futbol maktabimizda shug‘ullanishni istovchi har bir bolakay uchun eshiklarimiz ochiq. Boshqacha bo‘lishi ham mumkin emas, deyiladi rasmiy saytdagi xabarda.

Foto: “Bunyodkor”