O‘zbekistonga kelgan bir guruh turkiyalik jurnalistlar 29-noyabr kuni Buxoroda bo‘ldi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
“Afrosiyob” tezyurar poyezdida Samarqanddan kelgan mehmonlarni “Buxoro” temir yo‘l vokzalida Buxoro viloyati hokimining turizmni rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari B. Shahriyorov va boshqalar kutib oldi.
Turkiyalik jurnalistlar Shavkat Mirziyoyevning 25–26-oktabr kunlari Turkiya Respublikasiga davlat tashrifi chog‘ida erishilgan o‘zaro kelishuvga asosan O‘zbekistonga keldi.
Turkiya ommaviy axborot vositalari xodimlari qadimiy Buxoroning dunyoga mashhur tarixiy-me’moriy yodgorliklari — Minorai Kalon, Masjidi Kalon, Poyi Kalon hamda Labi hovuz majmualari, Ismoil Somoniy va boshqa diqqatga sazovor joylarini tomosha qildi.
Mehmonlar Bahouddin Naqshband yodgorlik majumasida ham bo‘lib, uning qabrini ziyorat qildi.
“Turkiyada Naqshbandiya tariqati, uning ezgu g‘oyasini yaxshi bilishadi, – dedi INA axborot agentligi muxbiri Mexmet Umer Qilich. — Biz Bahouddin Naqshband hazaratlari qabrini ziyorat qildik. Bunday muqaddas qadamjolar kishi ruhini yengil qiladi, insonni ezgu ishlarga undaydi. Men Buxoroga yana kelish, bu qutlug‘ zaminda yashab o‘tgan Abdulxoliq G‘ijduvoniy, Xo‘ja Orif Mohitobon, Muhammad Boboi Samosiy, Said Amir Kulol kabi Naqshband bobomizning ustozlari qabrlarini ziyorat qilishni ko‘nglimga tugdim”.
Izoh (0)