O‘zbekiston ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov Moskvada Rossiya ichki ishlar vaziri Vladimir Kolokolsev bilan uchrashdi. Bu haqda UzNews xabar bermoqda.
Rossiya ichki ishlar vaziri o‘zbekistonlik hamkasbini lavozimga tayinlanishi bilan tabrikladi. Rossiya va O‘zbekiston ichki ishlar idoralari o‘rtasidagi aloqalar izchillik bilan rivojlanib borayotganini qayd etdi.
Shu bilan birga, Vladimir Kolokolsev amaldagi qo‘shma guruhlar formatida migratsiya yo‘nalishidagi ishlarni faollashtirish zarurligi, bugungi kunda migratsiya masalalari ekstremizm va terrorizm bilan salmoqli darajada bog‘liq ekanligini ta’kidladi.
Uchrashuvda Rossiya IIVning o‘zbek mutaxassislarini oliy ta’lim dasturlari va jinoyatchilikka qarshi kurashning asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha kurslarda o‘qitishni davom ettirishga tayyor ekanligi bildirildi.