Toshkentda ichki ishlar organining ikki xodimi Anhor kanaliga tushib ketgan 29 yashar ayolni qutqarib qoldi. Bu haqda shahar IIBB matbuot xizmati xabar bermoqda.

Xabar berishlaricha, 26-oktabr kuni soat 00:30 atrofida Anhor kanalining Shayxontohur tumani Shohodontepa ko‘chasidan o‘tgan qismida 1988-yilda tug‘ilgan ayol suvga tushib ketgan.

IIBB matbuot xizmatining aniqlik kiritishicha, ayol “o‘zining ehtiyotsizligi oqibatida, oyog‘i sirg‘anib” suvga tushib ketgan.

Shundan so‘ng, Toshkent shahar IIBB PPX brigadasi xodimi va Shayxontohur tumani IIB profilaktika inspektorining tezkor harakatlari natijasida ayol qutqarilgan va unga tez tibbiy yordam ko‘rsatilgan.