Tramp qanday qilib Manxettendagi Plaza mehmonxonasi ustidan nazoratni saqlab qolishga muvaffaq bo‘lganligi haqidagi maqola 1991-yilning 8-iyulida Amerikaning Forbes jurnalida chop etilgan edi.
Iyun oyi o‘rtalarida Tramp o‘z bankirlari bilan yangi bitim haqida e’lon qildi. U Trampga o‘z imperiyasining asosiy javohiri — Manxettendagi Plaza mehmonxonasining egasi bo‘lib qolish imkonini beradi. Biroq Tramp mehmonxona oxirgi ikki yil ichida 100 million dollar yo‘qotgani va hozirgi paytda 430 million dollardan ortiq kredit bo‘yicha qarzlarini to‘liq to‘lamayotganligi haqida hech narsa ma’lum qilmadi.
Shu tariqa Plaza mehmonxonasi “to‘lig‘icha” Trampga tegishli. Biroz vaqt avval Forbes Kenneth Leventhal & Co. auditorlari tomonidan tasdiqlangan 1990-yil 31-dekabr moliyaviy hisobotini qo‘lga kiritdi. Auditor keskin fikr bildiradi: “Kompaniya harakatdagi korxona bo‘lib qolishi borasida asoslangan shubhamiz bor”. Auditorlarning ta’kidlashicha, bu vaziyat yumshoq qilib aytganda shunday.
Trampning tasdiqlangan moliyaviy hisobotlari u mehmonxonani kreditorlarning marhamati tufayli boshqarishda davom etayotganligidan guvohlik beradi; o‘tgan yilgi daromad 20 million dollarga yaqin foizlar bo‘yicha chiqimlarni qoplashga yetmaydi. Banklar 7 million dollarga teng foiz to‘lovlari muddatini kechiktirgan.
Nega Plaza bunday qiyinchiliklarga duch kelmoqda? Axir mehmonxona hamon avvalgidek mashhur-ku. O‘tgan yili ijobiy pul oqimi foiz chiqimlari qoplangunga qadar 21 million dollarni tashkil etdi. Korxona ancha yaxshi ishlamoqda. Shunchaki Tramp juda ko‘p xarid qilgan, xizmatga tayyor bankirlar esa unga juda ko‘p pul qarzga bergan. Joriy yilda mehmonxona qarz botqog‘idan chiqa olmasa, Trampning foiz to‘lovlari 45 million dollarni tashkil etadi.
Biroq ijobiy pul oqimi to‘liq erkin emas; Plaza kabi hashamatli muassasa doimiy qarash va kapital ta’mirni talab qiladi. Plaza ulug‘vor ko‘rinishi uchun har yili kamida 8 million dollarni chetga olib qo‘yish kerak. Biroq Tramp mehmonxona atigi 3 million dollarga muhtoj deb hisoblaydi, chunki mehmonxona yaqinda qimmatbaho ta’mirdan chiqarilgan.
Moliyaviy hisobotlarga ko‘ra, Tramp 1988-yilda mehmonxona va unga yonma-yon qurilgan kichikroq binoni xarid qilish uchun 409 million dollar to‘lagan. Bunda shartnomani tuzishda sarflangan 4 million dollar hisobga olinmagan. Bu ulkan to‘lov daromadi 1988-yilda 16 million dollarni tashkil etgan muassasa uchun amalga oshirilgan. Shu tariqa, Tramp mehmonxona uchun uning daromadi 25 karrasiga teng haq to‘ladi. Yana hayratlanarli jihati, bankirlarga bitim shunchalik ma’qul keldiki, ular Trampdan aksiyalarning kichik ulushini talab qildi. Hisobotlarda qayd etilishicha, Trampning bo‘lib-bo‘lib to‘lash asosidagi krediti bo‘yicha birinchi to‘lovi atigi 30 million dollar — xarid umumiy summasining bor-yo‘g‘i 7,5 foizini tashkil qilgan. Bankirlarda bu kabi saxiylik qayerdan paydo bo‘lgan? Yaxshi savol. Ehtimol ular Trampning o‘sha zamonlardagi g‘aroyib omadliligiga umid qilgandir.
Banklar mehmonxonani xarid qilishni rad etib, uni sotuvga qo‘yganda nimaga erishishi mumkin edi? Ehtimol, bu summa 300 million dollardan oshmasdi va bu 415 million dollar bank qarzdorligiga mahkum muassasa uchun. Aynan shu holat Tramp hozirgacha Plaza mehmonxonasini boshqarib kelayotganining sababiga oydinlik kiritishi mumkin. Xarid qilish huquqidan mahrum qilish bankirlar uchun noxush mol-mulkni musodara etish jarayonlarini keltirib chiqarishi mumkin edi.
Tabiiyki, Tramp 300 million dollar kulgili summa ekanligini ta’kidlaydi. Biroq shunday qiymatda ham muassasa butun summaning 4—5 foiziga teng daromad keltirgan bo‘lardi.
Oxirgi ikki yil davomidagi ta’mirlash uchun xarajatlarni hisobga olib, Tramp joriy yildagi foyda 35 million dollar, keyingi yil esa 45 million dollarni tashkil etadi deb hisoblaydi. Biroq bular shunchaki quruq va’dalar bo‘lib, u bular bilan bankirlarni aldab yura olmaydi. Topqir odam bo‘lgan Tramp Plaza mehmonxonasi uchun barcha qarzlarni mehmonxona xonalaridan yarmini shaxsiy mulk sifatida sotish bilan shug‘ullanish orqali yil yakuniga qadar to‘lash haqidagi rejasini ma’lum qildi. Mehmonxonalardagi xonalarning umumiy soni 804 tadan iborat. Uning so‘zlariga qaraganda, bu 400 millionlik kreditni so‘ndirish uchun mablag‘ oqimini ko‘paytiradi. Bundan tashqari, muassasaning yarmi unga tegishli bo‘ladi.
Xo‘sh, hisob-kitob qilib ko‘ramiz. Aytaylik, Tramp umumiy maydoni 500 kvadrat fut bo‘lgan 402 ta xonani sotadi. Agentlik to‘lovlari va sotish bo‘yicha boshqa chiqimlarni to‘lagandan so‘ng u har biri 1 million dollar yoki kvadrat futi uchun 2000 dollar to‘lovchi xaridorlarni topishi kerak bo‘ladi. Tramp hisob-kitobiga ko‘ra, kvadrat futi uchun atigi 1500 dollar. Nima bo‘lganda ham, buni amalga oshirish uning qo‘lidan kelarmikan? Corcoran Group’dan Barbara Korkoran ma’lumotlariga ko‘ra, Nyu-Yorkda turar-joy uchun maksimal qiymat kvadrat futi uchun 1590 dollarni tashkil etadi.
Nima bo‘lishidan qat’iy nazar, hozirda kvartiralarni sotuvga qo‘yich bo‘yicha hisobot taqdim etishi kerak bo‘lgan Tramp mehmonxona taqdiriga ishonch bilan qaramoqda. Nega unda Kenneth & Co. auditorlari mehmonxona moliyaviy yashovchanligiga bu qadar umidsizlik bilan yondashdi? “Ular kvartiralar bilan bog‘liq g‘oyadan bexabar edi”, — deydi Tramp.
Izoh (0)