Mustaqil ekspert, Iqtisodiy rivojlanishga ko‘mak markazi direktori Yuliy Yusupov “Gazeta.uz”ga bergan intervyusida 50 minglik so‘mlik kupyura chiqishiga izoh berdi va O‘zbekiston valyuta bozorining bundan keyingi rivojlanishi bo‘yicha fikrlari bilan bo‘lishdi.

Foto: “Gazeta.uz”

Markaziy bank 50 ming so‘mlik kupyurani muomalaga kiritmoqda. Sizning fikringizcha bu nega aynan hozir amalga oshirildi. Bunday chora inflyatsiyaning tezlashuviga ta’sir ko‘rsatmaydimi?

— Avval rasmiylar yirik, hatto o‘rtacha kupyuralarni ham (qiymati bir dollardan kam bo‘lgan kupyurani o‘rtacha kupyura deb atash qiyin) ikki sababga ko‘ra chiqarmas edi:

  • g‘oyaviy jihatdan: “Bizda inflyatsiya yo‘q, shuning uchun yirik kupyuralar kerak emas” deb o‘z-o‘zini tinchlantirish uchun;
  • naqd pul muomalasiga qarshi kurashish doirasida.

Rasmiylar naqd pul muomalasi bilan ham ikki sabab: naqd pul bilan ishlashni afzal ko‘ruvchi yashirin iqtisodiyotni jilovlash va dollarning qora kursini nazorat qilish istagida (odamlarda naqd pul bo‘lmasa, dollar olish uchun bozorga ham hech kim bormaydi) kurash olib bordi.

Natija ham shunga mos edi: xaridlar uchun bir xalta pul, yirik xaridlar uchun esa haqiqiy chamadon bilan borishga to‘g‘ri kelar edi. Chet elliklar 100 dollar evaziga olingan so‘m dastalarini hayrat bilan suratga olib, internetga joylar edi.

50 ming so‘mlik kupyura — bu 10 dollardan kam. Uni ham yirik deb bo‘lmaydi. Allaqachon 100 ming so‘mlik kupyura chiqarish kerak edi. Albatta bunday nominaldagi kupyuralar inflyatsiyaning rasmiy ko‘rsatkichlari haqiqatga mos kelmasligidan guvohlik beradi. Biroq buni allaqachon hamma biladi.

Yangi kupyuraning chiqishi inflyatsiyaga ta’sir ko‘rsatadimi? Albatta, yo‘q! Shunchaki, 100 ta ming so‘mlik kupyura o‘rniga hamyoningizda 50 ming so‘mlik ikkita kupyura bo‘ladi. Inflyatsiya nima sababdan oshib ketishi kerak ekan? Aksincha, qancha qog‘oz va bo‘yoq (kupyuralarni chop etish uchun), shuningdek, pul dastalarini sanash uchun ketadigan vaqtni tejashimiz mumkin!

Naqd pul muomalasiga ma’muriy cheklovlarni olish inflyatsiyaga ta’sir ko‘rsatish-ko‘rsatmasligi esa boshqa masala. Aslida inflyatsiya naqd pul massasi miqdoriga emas, naqd va naqdsiz pullar umumiy miqdoriga bog‘liq. Pul shaklining o‘zgarishi, naqdsiz pulning naqdga aylanishi umumiy pul massasini oshirmaydi, shunga muvofiq, inflyatsiyaga ham ta’sir ko‘rsatmaydi. Naqd pul muomalasiga cheklovlar olinganda inflyatsiya hatto sekinlashishi mumkin deb o‘ylayman. Chunki tovarlarni “naqd” - “naqdsiz” sotish qiymatidagi farq ham yo‘qoladi.

— Oxirgi hafta qora bozordagi kurs pasaydi, biroq rasmiy kurs devalvatsiyasi hozircha arzimasligicha qolmoqda. Bundan keyin qora bozorda nimalar yuz beradi? Yaqin vaqt ichida rasmiy kurs devalvatsiyasini kutish mumkinmi?

— Bozor almashuv kursida qanday o‘zgarishlar bo‘lishini bashorat qilish eng istiqbolsiz va mehnat zoye ketadigan mashg‘ulot. Almashtirish kursiga juda ko‘p omillar ta’sir ko‘rsatadi, biz ulardan ba’zilarining fahmiga yetishimiz mumkin, xolos. Nega oxirgi vaqtlarda qora kurs tushib ketdi? Bunga ikki bir-birini to‘ldiruvchi izoh bor deb o‘ylayman.

Birinchi izoh. Tadbirkorlar dollarlarni naqdsiz shaklda banklardan xarid qilish imkonini qo‘lga kiritdi. Naqdsiz pulni naqdga aylantirib, dollarni qora bozordan xarid qilish naqd dollarga yuqori talabni yuzaga keltirar edi. Endi esa biznes chet el valyutasini qo‘lga kiritishning osonroq yo‘liga ega, naqd so‘m va dollarga bo‘lgan talab sezilarli darajada kamaydi. Natija — “naqd” va “naqdsiz” qiymat o‘rtasidagi farqning qisqarishi va qora kursning tushishi.

Ikkinchi izoh. Almashtirish kurslarini bir xillashtirishdan kutilgan natijalar ish bera boshladi. Kurslar esa bozor va rasmiy kursning qaysidir o‘rtasida tenglashishi lozim. Ya’ni bozor rasmiy kurs devalvatsiyasi va uning bozor kursiga yaqinlashishi bo‘yicha taxminlarga javob qaytarmoqda. Bu taxminlar dollarga bo‘lgan talabning pasayishida namoyon bo‘lmoqda — bozor ishtirokchilari keyinroq arzon dollarni sotib olish uchun qimmat dollarni sotishga urinmoqda.

Kurslarning bir xillashuvi rasmiy almashuv kursi devalvatsiyasining tezlashuvi hisobiga sentabrda yuz beradi deb umid qilaman. Buni allaqachon amalga oshirish kerak edi. Lekin hechdan ko‘ra kech yaxshi.

— Hozir kursni bir xillashtirish mavzusi faol muhokama qilinmoqda. Dollarning so‘mga nisbatan qanday qiymatini kutish mumkin? Hozir bu raqamlar qanchalik muhim?

— Rasmiy, qora va birja bozorlaridagi shartnomalar hajmi haqidagi ma’lumotga ega bo‘lmasdan turib, talab va taklif tengligini ta’minlovchi kursni bashorat qilish — qahva yordamida fol ochishdek gap. Aniq bashoratlar imkonsiz. Faqat ma’lum bir chegara haqida so‘z yuritish mumkin. Yanvarda bir dollar 5000—7000 so‘m chegarasida bo‘lishini bashorat qilgan edim, biroq bunda bozor liberalizatsiyasi yaqin bir-ikki oy ichida amalga oshirilishi kerak edi. Hozir to‘planib qolgan inflyatsiyani hisobga olib, 6000—8000 oraliqni aytishim mumkin. Albatta, gap 10 ming haqida ketmayapti. Biroq biz inflyatsiyani jilovlamasak, ertami-kechmi bu ko‘rsatkichga yetamiz.

Yana bir muhim holat. Markaziy bank dollarni xarid qila turib, dollar kursini sun’iy oshirish — 8000—9000 so‘m va undan ham ko‘proqqa oshirishga urinishi mumkin. Bu mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun foydali bo‘lardi: qimmat dollar (=arzon so‘m) importni qimmatroq, eksportni arzonroq qiladi. O‘z milliy valyutasini arzonlashtirish siyosatini ko‘pchilik rivojlanayotgan mamlakatlar muvaffaqiyatli amalga oshirmoqda. Bizda ham bunday siyosat ayni muddao bo‘lar edi. Biroq bitta “lekini” bor. Birinchi inflyatsiyani jilovlash zarur. Juda arzon so‘m esa bu inflyatsiyani kuchaytirishi mumkin (import tovarlar qimmatlashadi). Shuning uchun bu siyosatni amalga oshirishni “yanada yaxshi davrlar” uchun saqlab qo‘yar edim.

— Xalqaro valyuta jamg‘armasi rasmiylarning qayta moliyalashtirish stavkasini oshirish, shuningdek, pul massasini nazorat qilish bo‘yicha choralarni ma’qulladi. Nazariy jihatdan, bu iste’mol talabi va kreditlarga bo‘lgan talabning pasayishiga olib kelishi kerak. Qabul qilingan choralar kreditlar bozorida qanday aks etadi?

— Markaziy bank hozircha hammasini to‘g‘ri amalga oshirmoqda. Bozor iqtisodiyotida qayta moliyalashtirish stavkasi haqiqatdan ham tijorat banklarining foiz stavkalariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir ko‘rsatadi. Chunki tijorat banklari Markaziy bankdan kreditlar olishi mumkin va ular bu kreditlarni aynan qayta moliyalashtirish stavkasi bo‘yicha oladi. Tabiiyki, stavka oshsa (yana shunday kuchli, 9 foizdan 14 foizga) kreditlar qimmatlashmasligi mumkin emas.

Biroq bizda Markaziy bank tijorat banklariga kreditlarni qayta moliyalashtirish stavkasi bo‘yicha erkin bermaydi (valyutani rasmiy kurs bo‘yicha erkin sotmagani kabi). Shuning uchun bu mexanizm ishlamaydi. Biroq bu ma’muriy jihatdan ta’sir ko‘rsatadi. Tijorat banklari kreditlar bo‘yicha o‘z foiz stavkalarini qayta moliyalashtirish stavkasiga bog‘lashga majbur. Bu bozorga mutlaqo qarshi vosita, biroq banklarimiz aynan shunday sharoitlarda ishlaydi. Bu foiz stavkalari bizda pasaytirilganligi — ular pul bozorida talab va taklif tengligini ta’minlash imkonini bermasligini tushunish lozim. Shuning uchun kredit sohasi liberalizatsiyasida ularning oshishi muqarrar.

Qayta moliyalashtirish stavkasining oshirilishi keng ko‘lamli bank islohotlari va pul muomalasini tartibga solish islohotidan oldingi qadam ekanligiga ishonchim komil. Bu islohotlar tijorat banklariga iste’molchi uchun ishlovchi mustaqil tijorat tashkilotlari bo‘lish imkonini beradi. Bundan tashqari, bu inflyatsiyaga qarshi kurashish chorasi. Agar qayta moliyalashtirish stavkasini 9 foizlik darajada qoldirib (bu juda pasaytirilgan stavka) u bo‘yicha kreditlar berila boshlasa, inflyatsiya osmonga chiqib ketadi.

Bir necha oydan so‘ng valyuta bozorimiz va bank tizimimizni taniy olmaymiz deb o‘ylayman. Markaziy bank va hukumatimizga omad va to‘g‘ri qarorlar tilamoqchiman!