Shavkat Mirziyoyev 17-iyul kuni aholini dori-darmon va tibbiyot vositalari bilan uzluksiz ta’minlash, sun’iy taqchillik va narx oshirilishiga yo‘l qo‘ymaslikka qaratilgan yana bir qarorni imzoladi. Bu haqda, “Axborot” dasturiga asoslanib, “Gazeta.uz” xabar bermoqda.
Hujjatga muvofiq, 1-avgustdan e’tiboran ijtimoiy ahamiyatga molik mollar ro‘yxatiga kiritilgan dori va tibbiyot vositalarining chet eldan xarid qilinishi istisno tariqasida “O‘zmedeksport” davlat tashqi iqtisodiy korxonasi tomonidan amalga oshiriladi. Xaridlar tender sotuvlari o‘tkazilmasdan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida tibbiy muassasalar va aholini dori vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta’minlashni nazorat qilishi respublika komissiyasi tomonidan o‘rnatilgan narxlar bo‘yicha amalga oshiriladi.
Tibbiyot mahsulotlari sertifikatsiyasi “O‘zstandart” agentligi tomonidan akkreditatsiya qilingan davlat sertifikatsiya organlari tomonidan amalga oshiriladi.
Dorixonalar 2018-yilning 1-yanvariga qadar tibbiyot mahsulotlarini chakana sotish bo‘yicha litsenziyalarini Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimiyatlaridan qaytadan rasmiylashtirishi lozim. Qoraqalpog‘iston sog‘liqni saqlash vazirligi, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmalari va Toshkent sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi sturturalarida dorilarning chakana realizatsiyasida litsenzion talablar va shartlarga rioya etilishini nazorat qiluvchi sektorlar tashkil etiladi.
Respublika komissiyasiga esa bir oy muxlat ichida ijtimoiy ahamiyatga molik mollar ro‘yxatiga kiritilgan dori vositalari va tibbiyot buyumlarining savdo nomlariga kursdagi tafovutlar keltirishi mumkin bo‘lgan zararni va ta’sirni kamaytirishni inobatga olgan holda aniq chakana narxlar o‘rnatish bo‘yicha taklif kiritish topshirildi.
Bundan tashqari, sog‘liqni saqlash vazirligi o‘z ijtimoiy dorixonalari tarmog‘ini yaratish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqishi lozim. Bu ijtimoiy ahamiyatga molik dorilarni topish imkoniyatini oshirishga hamda dorilarni retsept bo‘yicha sotish tartibini qattiqlashtirish hamda bunday dorilar realizatsiyasi monitoringining elektron tizimlarini joriy etish hisobiga fuqarolar tomonidan dori vositalarining nazoratsiz iste’mol qilinishining oldini olishga yordam berishi kutilmoqda.