Toshkentning Yunusobod tumanida chet el fuqarosini tunashga uringan uch nafar bezori qo‘lga olindi. Bu haqda Toshkent shahar IIBB rasmiy sayti xabar berdi.
Xabarnomada aytilishicha, 12-iyun kuni taxminan soat 02:30 larda Alisher Ulug‘bekovich Yo‘ldoshev, Vladislav Dmitriyech Pletnyov va Sergey Dmitriyevich Nigmatovlar o‘zganing mol-mulkini bosqinchilik yo‘li bilan talon-toroj qilish maqsadida Yunusobod tumani hududida chet el davlat fuqarosiga hujum qilib, tan-jarohati yetkazib, undan 650 dollar va bahosi 800 ming so‘mlik iPhone 4S rusumli uyali aloqa apparatini olib, hodisa joyidan yashirinmoqchi bo‘lgan vaqtida ushbu hududda tungi xizmatni olib borayotgan Yunusobod tumani IIB xodimlari tomonidan daliliy ashyo bilan qo‘lga olingan.
Mazkur holat yuzasidan Yunusobod tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan JKning 164-moddasi 2-qismi “a”, “b” bandlari (bosqinchilik sodir etish) alomatlari bilan jinoyat ish qo‘zg‘atilgan. Bezorilarga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Hozirda dastlabki tergov harakatlari davom ettirilib, ularning boshqa jinoyatlarga aloqadorligi tekshirilmoqda.
Izoh (0)