O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Oltinko‘l tumanidagi “Baxt imkon rivoj chorvasi” ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligi faoliyati bilan tanishdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Bu yerda 2 ming boshga yaqin zotli qoramol, 300 bosh naslli echki boqilmoqda. Ilg‘or texnologiyalar asosida ish tashkil etilgan xo‘jalikda mahsuldorlik juda yuqori. Har bir sigirdan kuniga 25–28 litr, echkidan 3–3,5 litr sut sog‘ib olinmoqda. Umuman, xo‘jalik tomonidan sutni qayta ishlash korxonalariga bir kecha-kunduzda qariyb 20 tonna sut yetkazib berilmoqda.
Davlat rahbari fermer xo‘jaligi faoliyati bilan tanishdi. Germaniyadan keltirilgan zotdor echkilarni boqish jarayoni, mamlakat iqlimiga moslashishi bilan qiziqdi.
Davlat rahbariga ko‘rsatilgan loyihaga ko‘ra, 700 bosh naslli echki olib kelish orqali yangi tarmoq yo‘lga qo‘yiladi. Istiqboli yuqori baholanayotgan mazkur loyihani joriy yilda ishga tushirish mo‘ljallanmoqda.
“Chorvachilik serdaromad soha hisoblanadi, buni unutmaylik”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezident loyihalar doirasida olib borilayotgan ishlar yuzasidan tegishli tavsiyalar berdi.
Izoh (0)