Muomalada bo‘lishi O‘zbekiston Respublikasida cheklangan psixotrop moddalar va prekursorlar ro‘yxatiga kiritilgan giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning muomalada bo‘lishiga faqat shifokor ko‘rsatmasi bo‘yicha tibbiy maqsadlarda ruxsat etiladi. Bundan tashqari ekspertlik va tezkor-qidiruv faoliyatida ham ulardan foydalanishga ruxsat etiladi, deb yozadi Toshkent shahar bojxona boshqarmasi matbuot xizmati.
Xalqaro pochta Konvensiyasiga asosan, pochta jo‘natmalari orqali psixotrop va narkotik vositalarning yuborilishi qat’iyan taqiqlangan. “Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasi Qonunning 17-moddasida giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarni pochta jo‘natmalarida, shu jumladan xalqaro pochta jo‘natmalarida jo‘natish taqiqlanishi ko‘rsatib o‘tilgan.
Ammo shunga qaramay, pochta jo‘natmalari orqali qonunga xilof ravishda tarkibida psixotrop va narkotik moddalar mavjud bo‘lgan dori vositalarini jo‘natish holatlari ham uchrab turibdi.
Jumladan, Toshkent shahar bojxona boshqarmasining “Boshpochtampt” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona posti xodimlari shu turdagi bir necha bojxona qoidabuzarliklarining oldini oldi.
Poytaxtlik Yu.Venera nomiga xorijdan yuborilgan pochta jo‘natmasi bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganda, buyumlar orasida “CN-23” shaklidagi bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatilmagan 30 dona Zolpiden Hemitartate nomli psixotrop tabletkasi, 8 turdagi 410 dona dori vositasi borligi aniqlandi.
Shuningdek, fuqaro K.Alisher nomiga xorijdan kelgan pochta jo‘natmasi bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganida 24 dona Rocacet Plus nomli tarkibida psixotrop moddasi bo‘lgan tabletka va 2 turdagi 88 dona dori vositasi borligi ma’lum bo‘ldi.
Mazkur holatlar yuzasidan aybdor shaxslarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 246-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Izoh (0)