Boysun tumanida O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Surxondaryo viloyati hokimligi va boshqa tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan “Boysun bahori” folklor festivali bo‘lib o‘tmoqda. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Festivalning ochilish marosimida madaniyat va san’atni yanada rivojlantirish, milliy qadriyatlarni tiklash, qadimiy merosni, xususan, xalq ijodi an’analarini muhofaza qilish, asrab-avaylash va keng targ‘ib etishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 23-yanvardagi “Surxondaryo viloyati hududlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi turmush darajasini yanada yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar dasturi to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida tashkil etilgan festivalda mamlakatdagi ko‘plab folklor jamoalari o‘zlarining qiziqarli dasturlarini namoyish etmoqda. Qoraqalpog‘iston Respublikasining “Shu’la”, Andijon viloyatining “Gulruh”, Buxoro viloyatining “Xo‘jai jahon”, Jizzax viloyatining “Gashtak”, Navoiy viloyatining “Karmana yulduzlari”, Namangan viloyatining “Yallama yorim”, Samarqand viloyatining “Sarbozi”, Sirdaryo viloyatining “Sayxun yigitlari”, Surxondaryo viloyatining “Jayxun”, Toshkent viloyatining “Shosh navolari”, Toshkent shahrining “Durdona”, Farg‘ona viloyatining “Quva navolari”, Xorazm viloyatining “Avazxon”, Qashqadaryo viloyatining “Rizvongul” singari folklor jamoalarining ikki yuzdan ortiq vakili o‘z hududlariga xos liboslar va qadimiy kuy-qo‘shiqlar asosida tayyorlagan maxsus dasturlari bilan ishtirok etmoqda. Milliy hunarmandlik buyumlari va liboslar ko‘rgazmalari tashkil etilgan.
Festival doirasida milliy xalq o‘yinlari va an’anaviy maydon tomoshalari san’ati namoyandalarining chiqishlariga ham alohida o‘rin ajratilgan.
Festivalning ochilish marosimida Surxondaryo viloyati hokimi E. Turdimov so‘zga chiqdi.
Izoh (0)