Braziliyalik 16 yoshli o‘smir qiz Vitoriya Myuller tirik og‘maxonni mikroto‘lqinli pechga solib qizdirgani aks etgan video uchun tarmoq foydalanuvchilari tomonidan qattiq qoralandi. Bu haqda The Mirror xabar berdi.

Foto: The Mirror

Foto: The Mirror

Video Facebook’ga joylanganidan so‘ng qizga tanqidlar yog‘ila boshladi va u ijtimoiy tarmoqlardagi o‘z profillarini o‘chirib tashlashga majbur bo‘lgan. Shuningdek, foydalanuvchilar #PunicaoParaVitoria (#VitoriyaUchunJazo) heshtegini ham ishga tushirgan va politsiyani voqeaga e’tibor qaratishga chaqirgan.

Voqeani qizning otasi payqab qolgan va qizini nima uchun bunday qilganini tushuntirishga majbur qilgan. Vitoriya do‘stlari bilan garov o‘ynab, hayvonni pechga solganini aytib bergan.

“Bizning oilada bunday hodisa yuz berganidan juda afsusdamiz. Biz hayvonlarni juda yaxshi ko‘ramiz va hech qachon bunday ishni qilmagan bo‘lardik. Yana bir bor bizni kechiring”, — deb uzr so‘ragan qizning otasi ijtimoiy tarmoqda qoldirgan postida.

Og‘maxon oiladan olingan va maxsus boshpanaga yuborilgan. Tekshiruv o‘tkazgan veterinarlar hodisa natijasida hayvon hech qanday jabr ko‘rmaganini qayd etgan.