Andijondan poytaxtga ishlashga kelgan kirakash Chilonzor tumanida istiqomat qiluvchi kishi tomonidan uyushtirilgan hujumdan jabr chekdi. Bu haqda “Novosti Uzbekistana” xabar bermoqda.
Voqea Toshkentning Bektemir tumanida ro‘y berdi. 32 yoshli kirakash Lacetti avtomobilida Andijondan yo‘lovchilarni olib kelib, poytaxtning o‘zida ham biroz kira ishlashga qaror qildi. Kechki soat 22:30 da Archa ko‘chada uning avtomobilini bir erkak to‘xtatib, Coca Cola zavodiga eltib qo‘yishni so‘radi. Yo‘lovchi orqaga o‘rindiqdan joy oldi.
Zavodga yetib borgach, kirakash to‘xtab, bundan keyingi yo‘lni so‘radi. Shu payt yo‘lovchi kutilmaganda uning bo‘yniga zarba berdi.
Nima bo‘lganini tushunmagan haydovchi mashinadan qochib chiqdi. Bo‘ynidan qon oqayotganini ko‘rgan erkak yarasini tutgancha zavod tomon bordi. Yo‘lda u Nexia avtomobilini to‘xtatib, uning yordamida shifoxonaga yetib oldi. Tibbiy yordam olgach, erkak o‘z telefoniga qo‘ng‘iroq qildi. Qo‘ng‘iroq huquq-tartibot idoralari javob berdi. Ular mashinani olib qochib ketgan jinoyatchi ushlanganini bildirdi.
Aytilishicha, mashinani olib qochib ketgan jinoyatchi mastligi va avtomobil boshqarishni bilmasligi bois YTHga uchragan. Shu tariqa u huquq-tartibot idoralari vakillari tomonidan ushlangan.
29 yoshli zo‘ravon 8 yilga ozodlikdan mahrum qilindi.
Izoh (0)