19-may kuni bo‘ladigan Eron prezidenti saylovida nomzod sifatida qatnashish uchun qariyb 200 kishi ro‘yxatdan o‘tdi. Bu haqda Eron Ichki ishlar vazirligining Saylovlarni tashkil etish bo‘yicha shtabi rahbari Ali Asqar Ahmadiy ma’lum qildi, deb xabar beradi “TASS”.
Ma’lum qilinishicha, jami 197 kishi — 189 nafar erkak va sakkiz nafar ayol saylovda prezidentlikka nomzod sifatida qatnashish uchun ariza topshirgan. Ularning 54 nafari ilmiy darajaga ega, 19 nafari urush qatnashchisi hisoblanadi. Nomzodlar orasida eng yoshi ulug‘i 82 yoshli stomatolog ekani aytilmoqda.
Aholi o‘rtasida eng shov-shuv bo‘lgan hodisa saylovda ishtirok etish uchun sobiq prezident Mahmud Ahmadinajodning ro‘yxatdan o‘tgani bo‘ldi. Eron axborot agentliklarida e’lon qilinayotgan fikrlarga ko‘ra, siyosatshunoslar va jamoat arboblarining deyarli barchasi Ahmadinajodning ushbu harakatini keskin tanqid qilgan.
11-aprel kuni boshlangan saylovda qatnashish uchun ro‘yxatga olish jarayoni besh kun davom etadi. Saylov byulleteniga kiritiladigan nomzodlarning so‘nggi ro‘yxati Eron Kuzatuv kengashi tomonidan tasdiqlanadi. Ushbu kengash rahbari oyatulloh Ahmad Jannatiyning so‘zlariga ko‘ra, birinchi kun ro‘yxatdan o‘tgan deyarli hech bir nomzod saylovda qatnashish uchun zarur vakolatga ega emas.
“Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — @toshqindaryo’ga a’zo bo‘ling!
Izoh (0)