Amerikalik, britaniyalik va fransiyalik olimlar tomonidan CryoSat-2 sun’iy yo‘ldoshi yordamida Antarktida hududida to‘rtta o‘lik ko‘l topildi. Bu haqda Yevropa kosmik agentligi xabar beradi.
Bir-biri bilan bog‘langan to‘rt ko‘l materik g‘arbida joylashgan Amundsen dengizi yaqinidagi Tueyts shelf muzligi ostida yashiringan. 2013-yil iyunidan 2014-yil yanvariga qadar bu ko‘llarning suvi Jahon okeaniga quyilib turgan.
Mazkur muzosti ko‘llar yuzasi jami 700 kvadrat kilometrga teng bo‘lib, ulardan okeanga quyilib turgan suv 3,5 kub kilometrni tashkil etgan.
Olimlar hisob-kitobiga ko‘ra, suvning oqish tezligi sekundiga 240 kub metrgacha yetgan. Bu G‘arbiy Antartktida sodir bo‘luvchi shunga o‘xshash jarayonlar uchun juda katta ko‘rsatkich, deyiladi xabarda.
Muzosti ko‘llarning maydalanishi 20—28 yilga teng davriylik asosida sodir bo‘lib, bu holat Tueyts muzligining okeanga oqib tushishi tezligini 10 foizga oshirgan.
Ayni damda ushbu ko‘rsatkich sutkasiga 11 metrga teng. Bu holat Jahon okeani sathining o‘sishiga olib keladi.
Olimlar tadqiqoti Tueyts muzligi 200—900 yildan so‘ng okeanga to‘liq oqib tushishi borasidagi hisob-kitoblarni isbotladi.
Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’” (@toshqindaryo)ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.
Izoh (0)