Milliy olimpiya qo‘mitasi prezidenti etib Alisher Sultonov saylangach, o‘z-o‘zidan uning O‘zbekiston shaxmat federatsiyasidagi prezidentlik o‘rni bo‘sh qolgandi. 1-fevral kuni tashkilotning navbatdan tashqari konferesiyasi bo‘lib o‘tdi va unda shaxmat federatsiyasiga yangi prezident saylandi.
Unga ko‘ra, O‘zbekiston Xalq ta’limi vaziri Ulug‘bek Inoyatov bir vaqtning o‘zida shaxmat uchun ham javob beradigan bo‘ldi. Madaniyat va sport ishlari vazirining birinchi o‘rinbosari Murod Aliyev, “O‘zpaxtasanoateksport” xolding kompaniyasi boshqaruvi raisi Akmal Kamolov, Milliy olimpiya qo‘mitasi bosh kotibi Oybek Qosimov ishtirok etgan konferensiyada, shuningdek, Ulug‘bek Inoyatovga yordam beruvchilar ro‘yxati ham tasdiqlandi.
FIDЕ delegati Husan Turdialiyev shaxmat federatsiyasining birinchi vitse-prezidenti bo‘ldi. Akmal Kamolov, Bahodir Umurzoqov, Eldor G‘ofurov, Tursunali Qo‘ziyev hamda jahon chempioni Rustam Qosimjonov vitse-prezident lavozimini egalladi. Tashkilot bosh kotibi vazifasini Xurshidabonu Xoliqova bajaradi.