21-noyabr kuni Markaziy saylov komissiyasida Qozog‘iston elchisi Yerik Utembayev bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi hukumat portalida ma’lum qilindi.
Markaziy saylov komissiyasi Raisi M. Abdusalomov elchini Markaziy saylov komissiyasi, okrug va uchastka saylov komissiyalari tomonidan shu yil 4-dekabr kuni bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha asosiy tadbirlar dasturi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar, mamlakat saylov qonunchiligi va amaliyotini yanada takomillashtirish maqsadida qonunchilikka kiritilgan so‘nggi o‘zgartish va qo‘shimchalar bilan bilan tanishtirdi.
Uchrashuvda MSK saylov jarayoni ochiqligi va oshkoraligini ta’minlash maqsadida avvalgi saylovlarda bo‘lgani kabi xalqaro tashkilotlar, xorijiy davlatlar, shu jumladan, Qozog‘istondan kuzatuvchilarni taklif etgani ta’kidlandi.
Muloqot chog‘ida ikki mamlakat saylov organlari o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Qayd etilganidek, O‘zbekiston MSK vakillari Qozog‘istondagi parlament va prezident saylovlarida MDH hamda ShHT kuzatuvchilar missiyalari tarkibida bir necha marta ishtirok etgan. O‘z navbatida, Qozog‘iston MSK, fuqarolik jamiyati institutlari, OAV vakillari O‘zbekistondagi saylovlarni kuzatishda muntazam qatnashib keladi.
Uchrashuvda tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar yuzasidan ham o‘zaro fikr almashildi.
Izoh (0)