Boks bo‘yicha superog‘ir vazn toifasida WBA va WBO versiyalari bo‘yicha sobiq jahon chempioni britaniyalik Tayson Fyuri 2017-yilning fevraliga qadar ringga qaytmasligi ma’lum bo‘ldi. Bu haqda WBA rasmiy saytiga tayanib, “TASS” xabar bermoqda.
“Fyuri 30-sentabr kuni uning ruhiy tushkunlikda ekanini tasdiqlovchi ruhshunos hisobotini taqdim qildi va 2017-yilning fevraliga qadar ringga qayta olmasligini ta’kidladi. Tayson ringga qaytgach, u WBA reytingiga qayta kiritiladi”, – deyiladi WBA rasmiy sayti xabarida.
Fyurining ukrainalik Vladimir Klichko bilan revash jangi avval 9-iyuldan 29-oktabrga, keyinroq esa 29-oktabrdan noma’lum muddatga qoldirilgan edi. Jang qoldirilishining sababi sifatida avval Fyurining jarohati, keyin esa uning ruhiy tushkunlikka tushgani ko‘rsatilgan.
Keyinroq britaniyalik sportchining doping namunasida kokain moddasi topildi. Bokschi giyohvand moddalarni ruhiy tushkunlikka tushgani uchun qabul qilganini tan oldi. Orada Tayson Fyuri karyerasini yakunlagani haqida ma’lum qilib, bir necha soatdan keyin buning hazil ekanini aytishga ham ulgurdi.
13-oktabrga o‘tar kechasi esa Fyuri barcha chempionlik kamarlaridan voz kechib, tushkunlik holatidan tiklanish va sog‘lig‘iga e’tibor qaratishini ma’lum qilgandi.
Eslatib o‘tamiz, 2015-yilning noyabr oyida Tayson Fyuri 12 raundlik jangda Vladimir Klichkoni hakamlarning yakdil qarori bilan mag‘lubiyatga uchratib, IBF, WBA va WBO chempionlik kamarlarini qo‘lga kiritgandi. Ma’lum muddatdan so‘ng, britaniyalik bokschi majburiy jang o‘tkazishdan bosh tortgani uchun IBF kamaridan mahrum etilgan edi.
Britaniyalik bokschi professional ringda 25 jang o‘tkazib, barchasida (shulardan 18 tasida nokaut bilan) g‘alaba qozongan.
Izoh (0)