O‘zbekiston milliy termasi sardori Odil Ahmedov to‘p surayotgan Rossiyaning “Krasnodar” futbol klubi sobiq bosh murabbiyi Oleg Kononov Londonning “Chelsi” klubida tajriba orttirmoqda, deb ma’lum qiladi “Sovsport.ru”.
“Angliya futboli, u yerdagi murabbiylarning ishi, murabbiylar shtabi bilan ishlash jarayoni meni doim qiziqtirar edi. Angliya klublaridagi futbolchilar yaxshi jismoniy tayyorgarligi bilan ajralib turadi. Barchasi o‘smirlar va yoshlar futbolidan boshlanishini tushunaman. Shu sababli, ‘Chelsi’ning yoshlar jamoasi o‘yinida bo‘ldim”, – dedi Kononov.
Xabarda ta’kidlanishicha, “Krasnodar” sobiq bosh murabbiyi APL 9-turidan o‘rin olgan “Chelsi” – “Manchester Yunayted” (4:0) o‘yiniga tashrif buyurgan edi.
Ma’lumot uchun, 2003-yili rossiyalik biznesmen Roman Abramovich 140 million funt evaziga “Chelsi” klubini sotib olgandi.
Izoh (0)