O‘zbekiston Prezidenti vazifasini bajaruvchi, O‘zbekiston bosh vaziri Shavkat Mirziyoyev 25-sentabr kuni Toshkent shahrining Sergeli tumanida bo‘lib, aholi vakillari va shahar rahbarlari, mutasaddilar ishtirokida uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

Foto: “Transphoto.ru”

Foto: “Transphoto.ru”

Avvalroq, mazkur uchrashuvda Shavkat Mirziyoyev 2017—2022-yillarda Sergeli tumanida 500 ta ko‘p qavatli uy bunyod etilishi bilan loyiha ishlab chiqilganiga alohida e’tibor qaratgani haqida xabar berilgan edi.

Uchrashuvda yana bir muhim masala — Toshkentning barcha tumanlarida yangi madaniyat va istirohat bog‘lari barpo etish, yashil maydon va hududlarni yanada ko‘paytirish masalasi muhokama etildi.

“Poytaxtda yangi transport-kommunikatsiya tarmoqlari, madaniy-maishiy ob’ektlar bunyod etish, yer usti tezyurar metro yo‘nalishlari qurilishini loyihalashtirish ishlarini jadallashtirish borasida aniq vazifalar belgilab olindi”, — deyiladi O‘zA axborotida.

Shavkat Mirziyoyev yaqin kelgusida amalga oshirilishi mo‘ljallangan bu loyihalar nafaqat Sergeli tumanini, balki butun Toshkent shahrining imkoniyat va salohiyatini yanada yuksaltirish yo‘lida katta istiqbollar ochib berishini qayd etdi.

“Ushbu bunyodkorlik ishlari zamirida qurilish materiallari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini har jihatdan qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish, mahalliy resurslardan keng foydalanish, sohada minglab yangi ish o‘rinlarini yaratish ko‘zda tutilgani, ayniqsa, ahamiyatlidir”, — deyiladi O‘zA axborotida.

Uchrashuvda Toshkent aholisi uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratish, ulkan hajmdagi obodonchilik va ko‘kalamzorlashtirish ishlarini amalga oshirish, odamlarni hayotdan rozi qilish masalasi doimiy e’tibor markazida bo‘lishi ta’kidlandi.

Uchrashuvda Toshkent shahrida tartib-intizomni har tomonlama mustahkamlash, pasport-viza rejimiga qat’iy amal qilish bo‘yicha mutasaddi vazirlik va idoralar rahbarlarining hisobotlari tinglandi va muhokama etilgan barcha masalalar bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qilindi.

Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’”ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.