Xitoyning janubiy Guychjou provinsiyasida oxirgi kunlarda davom etgan kuchli yomg‘irlar tufayli suv toshqini va ko‘chkilar yuzaga keldi. Oqibatda kamida besh kishi halok bo‘ldi, yana to‘rt nafar fuqaro bedarak yo‘qolgan deb qayd etilmoqda. Bu haqda 15-iyun, chorshanba kuni “Sinxua” agentligi ma’lum qildi, deya xabar bermoqda “TASS”.
Szinpin uyezdida bir sutka davomida 200 mm ko‘p yog‘ingarchilik yog‘di. Agentlikning ta’kidlashicha, bir qator tumanlarda transport qatnovi izdan chiqqan, elektr energiya yetkazishda uzilishlar qayd etilgan. Bir nechta turar-joylar vayron bo‘lgan.
Hozirgi paytgacha qutqaruvchilar provinsiyaning eng ko‘p jabrlangan hududlariga yetib borgan. Hukumat tabiiy ofat yetkazgan zararni aniqlamoqda.