Malayziyaning 2014-yil martida g‘oyib bo‘lgan Boeing’ini Hind okeanida qidirish ishlari avgust oyida yakunlanishi mumkin. Bu haqda Avstraliyaning Transportdagi xavfsizlik byurosi (ATXB) vakillari ma’lum qildi, deb yozadi “TASS”.
Ularning ta’kidlashicha, qidiruv ishlari borayotgan hududda saqlanib turgan bo‘ronli havo ishga juda katta ta’sir o‘tkamzoqda.
“Ayni paytgacha umumiy maydoni 120 ming kvadrat km hududning 105 ming kvadrat km maydoni tekshirib chiqildi. Dastlab ishlarni yil o‘rtasida yakunlash rejalashtirilgan edi, ammo ob-havo sharoitlarini hisobga olgan holda, qidiruvlar avgustgacha cho‘zilishi kutilmoqda. Yaqin oylar ichida havo yanada yomonlashishi mumkin”, — dedi ATXB xodimi.
Uning aytishicha, Avstraliya, Malayziya va Xitoy avialaynerning joylashgan o‘rniga aniqlik kiritadigan yangi ma’lumotlar topilmasa, hozirgi qidiruv hududining maydoni kengaytirilmasligi haqida kelishib olgan.
Eslatib o‘tamiz, Kuala-Lumpurdan Pekinga yo‘l olgan va bortida 227 nafar yo‘lovchi, 12 nafar ekipaj a’zosi bo‘lgan layner 2014-yil, 8-martga o‘tar kechasi g‘oyib bo‘lgan. Havo kemasi Hind okeanining janubiy qismiga qulagani taxmin qilinadi, biroq hozirgacha buning dalillari topilmagan.
Izoh (0)