Argentina prezidenti Maurisio Makri Bagama orollaridagi hisobida saqlanayotgan 18 million pesoni (1,3 million dollar) Janubiy Amerika respublikasiga qaytarib o‘tkazishga va’da berdi. Bu davlat rahbarining 30-may, dushanba kuni bergan bayonotiga tayanib, “TASS” xabar qilmoqda.
“Men boshqaruvchiga ushbu jamg‘armani Argentinaga o‘tkazish haqida ko‘rsatma berdim”, — dedi u jurnalistlarga. Davlat rahbarining so‘zlariga qaraganda, bu mablag‘lar Argentina g‘aznasiga obligatsiyalar xarid qilish uchun sarflanishi mumkin.
O‘tgan hafta Makri davlat rahbari sifatidagi birinchi deklaratsiyasini topshirdi. Unga ko‘ra, prezidentning daromadi bir yil ichida deyarli ikki barobar oshgan: 52,9 million pesodan (3,7 million dollar) 110 million pesogacha (7,6 million dollar). Bundan tashqari, Makri birinchi marta Bagama orollarida hisobi mavjudligi haqida hisobot berdi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq argentinalik sudya Sebastian Kasanelyo Panama va Bagama orollariga u yerda ro‘yxatdan o‘tgan va direktori Argentina prezidenti Maurisio Makri bo‘lgan kompaniyalar to‘g‘risida ma’lumot taqdim etish haqida so‘rovnomani yuborgandi.
Izoh (0)