O‘zbekistonlik tennischi Nigina Abduraimova Turkiyaning Istanbul shahrida start olgan, ITF turkumiga kiruvchi Lale Cup tennis turnirini g‘alaba bilan boshladi.
Xalqaro tennis federatsiyasi rasmiy saytining ma’lum qilishicha, sovrin jamg‘armasi 50 ming dollarga teng musobaqaning ilk davrasida 21 yoshli o‘zbekistonlik tennischi fransiyalik 19 yoshli Fiona Ferroga qarshi kortga chiqdi va 6:4, 6:3 hisobida g‘alaba qozondi.
Taqqoslash uchun, Nigina Abduraimova WTA reytingida 229, fransiyalik tennischi esa 251-o‘rinni band qilib turibdi.
Qayd etish joiz, chexiyalik Barbora Stefkova bilan tandem hosil qilgan o‘zbekistonlik tennischi juftliklar bahsi dastlabki davrasida Martina Karegaro (Italiya) va Reka-Luka Yani (Vengriya) duetiga qarshi kortga chiqadi.
Izoh (0)