Xalq ta’limi vazirligi tomonidan “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ‘Bolalar musiqa va san’at maktablari faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha 2016—2020-yillarga mo‘ljallangan Davlat dasturi to‘g‘risida’gi qarori asosida tizimda amalga oshiriladigan ishlar” mavzusida matbuot anjumani tashkil etildi. Unda Xalq ta’limi vaziri, vazirlik mutasaddilari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi, deb xabar beradi O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmati.
Yangi Davlat dasturiga muvofiq 2016—2020-yillarda aholi zich yashovchi massivlarda jami 14 700 o‘rinli 98 ta bolalar musiqa va san’at maktabi barpo qilish ko‘zda tutilgan. Shundan 2016-yilda qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirilishi belgilangan 18 ta bolalar musiqa va san’at maktabining hududlar bo‘yicha manzilli dasturi ishlab chiqildi.
Ota-onalarga qulaylik yaratish hamda bolalar musiqa va san’at maktablariga bolalar qamrovini oshirish maqsadida to‘lov tizimi takomillashtirildi. Endilikda musiqa yo‘nalishida bir nafar o‘quvchi uchun Toshkent shahrida eng kam ish haqining 75% (97 680 so‘m), viloyat markazlarida 50% (65 120 so‘m), Qoraqalpog‘iston Respublikasi va boshqa aholi punktlari 30% (39 072 so‘m) qilib belgilandi.
San’at yo‘nalishida bir nafar o‘quvchi uchun Toshkent shahrida eng kam ish haqining 50% (65 120 so‘m), viloyat markazlarida 30% (39 072 so‘m), Qoraqalpog‘iston Respublikasi va boshqa aholi punktlarida 20% (26 048 so‘m) qilib belgilandi.
Shuningdek, bir oiladan ikki yoki undan ortiq bolalar ta’lim olsa, ularning har biriga belgilangan badal to‘lovining 70% miqdorida to‘lanadi. Xalqaro va Respublika tanlovlari g‘oliblari bir yil muddatga to‘lovdan ozod etiladi.
Izoh (0)