O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov 24-fevraldagi qarori bilan Mehnat vazirligi tashkiliy tuzilmasini tasdiqladi, deya xabar bermoqda “Gazeta.uz” Vazirlar Mahkamasidagi manbasiga tayanib.
Vazirlik markaziy apparati tuzilmasidan vazirning birinchi o‘rinbosari lavozimi chiqarib tashlandi (vazirning bitta o‘rinbosari qoladi), Mehnat vazirligi markaziy apparati, Qoraqalpog‘iston Mehnat vazirligi, Toshkent va viloyatlardagi mehnat bo‘yicha bosh boshqarmalar, shuningdek, tumanlar bandlik markazlari personali soni optimallashtirildi.
Bundan tashqari, Mehnat vazirligi markaziy apparati tuzilmasida Xalqaro mehnat tashkiloti bilan ishlash va xalqaro aloqalar bo‘yicha sektor hamda Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilish sektori tashkil etildi.
Eslatib o‘tamiz, Prezident Islom Karimovning 22-fevraldagi “Aholining zaif qatlamlarini ijtimoiy himoya va tibbiy-ijtimoiy yordam bilan ta’minlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, O‘zbekiston Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi Mehnat vazirligiga aylantirildi.
Izoh (0)