Jahonning eng qimmat stadioni: kelajakka sayohat
Los-Anjeles yaqinida joylashgan Inglvud shahrida 2019-yilda ishchi nomi NFL Disney World bo‘lgan mahobatli sport majmuasi ochiladi, deya xabar bermoqda “Sports.ru”.
Majmuadagi sport arenasi jahondagi shunday inshootlar ichida eng qimmati bo‘ladi. Amerikacha futbol bo‘yicha “Los-Anjeles Rems” klubining yangi stadioni, turli hisob-kitoblarga ko‘ra, 2,6—3 milliard dollar evaziga quriladi.
Loyiha bo‘yicha, stadion 80 ming tomoshabinga mo‘ljallangan. Konsertlar, alohida boshqa tadbirlar vaqtida tomoshabinlar uchun o‘rinlar sonini 100 mingtagacha ko‘paytirish mumkin bo‘ladi.
Majmuaning umumiy maydoni 290 ming kvadrat metrga yaqin bo‘lib, uning yarmi ofislar va savdo maydonlari uchun ajratiladi. Shuningdek, bu yerda 300 o‘rinli mehmonxona, 2,5 mingta uy va 10 gektar maydonda xiyobon qad rostlaydi.
Noqulay ob-havo sharoiti vaqtida plastikdan tayyorlangan 76 ming kvadrat metrli tom maydonni, tribunani va ba’zi qo‘shni inshootlarni yog‘ingarchilikdan himoya qiladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, “Rems” rahbariyati mazkur stadiondan foydalanish huquqini “Oklend Rayders” va “San-Diyego Charjers” klublari bilan bo‘lishmoqchi.