Slovakiya g‘arbida, Chexiya chegarasi yaqinida parashyutchilarni olib ketayotgan ikki sport samolyoti to‘qnashib ketdi, deb xabar bermoqda “TASS”.
Hodisa oqibatida kamida yetti kishi halok bo‘ldi. Ikkala samolyot ham to‘qnashuvdan keyin yerga qulab, yonib ketgan. Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, parashyutchilar qulayotgan samolyotlardan sakrab, o‘z hayotini qutqarishga ulgurgan, biroq bu ma’lumot rasman tasdiqlanmagan.
Shu bilan birga, qurbonlar soni ancha ortishi mumkinligi aytilgan. Ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, samolyotlardan birining bortida 36 nafar parashyutchi bo‘lgan. Hodisa joyi atrofi o‘rab olingan. Rasmiylar halokat yuzasidan surishtiruv boshlagan.