Rossiyalik blogerlar Vladimir Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskovning qo‘lida 1-avgust kuni olimpiada chempioni Tatyana Navka bilan to‘yi vaqtida o‘ta qimmatbaho soat bo‘lganini qayd etdi, deb xabar bermoqda “Tjournal.ru”.
Uzuk taqish marosimidan olingan fotosuratlarni to‘yda qatnashgan siyosatchi Oleg Mitvol tarmoqqa chiqargan. Peskovning qo‘lida Richard Mille RM 052 Tourbillon Skull modeliga o‘xshaydigan soat bo‘lgan, uning qiymati turli manbalarda turlicha keltirilgan.
Soat narxi borasidagi taxminlar orasida eng past ko‘rsatkich 9,3 million rubl (154 ming dollar) bo‘lgan. Bunday soat 23 million rubl (385 ming dollar) turishi mumkinligi ham aytilgan.
Aleksey Navalniyning Korrupsiyaga qarshi kurashish jamg‘armasi esa Peskovning soati Richard Mille RM 52-01 modeli bo‘lib, u cheklangan miqdorda — jami 30 ta chiqarilganini, ularning har birining narxi 37,5 million rubl (620 ming dollar) ekanligini, Dmitriy Peskovning 2014-yildagi e’lon qilingan daromadi esa 9,1 million rubl (151 ming dollar) bo‘lganini aniqlagan.
Keyinroq, Peskov ushbu soatni unga rafiqasi Tatyana Navka sovg‘a qilganini, bu soat haqiqatan ham juda qimmat turishini, biroq hamma aytayotgan darajada qimmat emasligini, Navka uni o‘z puliga sotib olganini ma’lum qilgan.
Qayd etilishicha, ushbu soat Peskovning qo‘lida birinchi marta uchratilishi emas. Uning qizi qo‘lida shu soati bo‘lgan otasi bilan birga tushgan suratini 2015-yil bahorida Instagram’ga qo‘ygan. 2014-yil qishida Sochidagi olimpiadada Peskov va Navka birga tushirilgan suratda ham shu soat bo‘lgan.
Aleksey Navalniyning yozishicha, Rossiyada amaldorlar qiymati 3000 rubldan oshadigan sovg‘alar haqida ma’lum qilishi va ularni saqlash uchun topshirishi shart. “2014-yilda kiritilgan yangi qoidalarga binoan esa, sovg‘ani bozor narxi bo‘yicha sotib olish mumkin, ya’ni janob Peskov o‘sha 37 million rublni baribir to‘lashiga to‘g‘ri kelardi”, — deb yozadi bloger.
Izoh (0)