“Lokomotiv” – “Al-Hilol” uchrashuvidan keyingi matbuot anjumanining ikkinchi qismida “temiryo‘lchilar” bosh murabbiyi Vadim Abramov ishtirok etdi, deb xabar bermoqda “Olamsport”.
“Raqibni tabriklayman. Guruhdagi eng kuchli jamoa ekanini ko‘rsatdi. Birinchi bo‘limda juda ham yomon o‘ynadik. Ikkinchi bo‘limni hujumkor boshladik. Lekin ular gol urib ketishdi”, - deb gap boshladi Abramov.
— O‘zbek klublari OChLdagi omadsiz ishtirok etishmoqda. Chempionatimiz kuz-bahor tizimiga o‘tgani yaxshi emasmi?
— Yo‘q, shu tizimning o‘zi yaxshi. O‘tgan yillarda klublarimiz yaxshi ishtirok etishgandi. Bizga shunchaki OChLdagi tajribasizlik yetishmadi. Birinchi yildayoq juda kuchli jamoalarga qarshi o‘ynadik.
— Yoshlar jamoasida Ikrom Aliboyev kabi futbolchilar yana bormi?
— Hozircha faqat u. Jamoaning maktabi faoliyatidan qoniqayapman. Yoshlarga imkon berib boramiz, ular xatolar qilib o‘sishadi.
— Jamoaingiz zarba berish emas to‘pni o‘zida saqlab turishga urinayotgandek taassurot qoldirmoqda.
— Chetdan qaraganda shunday bo‘lishi mumkin. Raqib imkon bersa zarba berayapmiz. Imkon bo‘lmasa zarba ham bo‘lmayapti.
— Bikmayevni almashtirganingizda norozidek tuyuldi...
— Kim almashtirilganida xursand bo‘ladi? Bu normal holat. Agar meni ham ishdan bo‘shatishsa, men ham norozi bo‘laman (kuladi).
— Jasur Hasanovni nima uchun aynan birinchi bo‘limda almashtirdingiz?
— Shunchaki u o‘yinga kirishib keta olmadi. Juda ko‘p xatoga yo‘l qo‘ydi. Shu bois tavakkal qilib markazni kuchaytirishga qaror qildim.
— “Al Hilol” jamoasi haqiqatdan ham kuchli ekanini ko‘rdik. Bunday jamoalarga qarshi qanday o‘ynash kerak?
— Shunchaki xatosiz o‘ynash kerak. Agar Saudiyada o‘tgan bahsni ko‘rib chiqsangiz bironta vaziyatda bizdan to‘p olib qo‘yishmadi, aksincha, o‘zimiz raqibga uni sovg‘a qildik.
Izoh (0)