Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetida yangi “Erazmus Plyus” xalqaro ta’lim dasturining axborot kuni bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi.
Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Yevropa Ittifoqi delegatsiyasi va boshqa tashkilotlar hamkorligida tashkil etildi. Unda O‘zbekiston oliy o‘quv yurtlari, vazirlik va idoralari vakillari, O‘zbekistonda faoliyat ko‘rsatayotgan xalqaro tashkilotlar hamda diplomatik missiyalar xodimlari ishtirok etdi.
Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi rahbari, elchi Y. Shterk, Toshkent davlat pedagogika universiteti rektori Sh. Sharipov Prezident rahnamoligida ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar yuksak natijalar berayotganini ta’kidladi.
Tadbir tashkilotchilarining so‘zlariga ko‘ra, 2014—2020-yillarga mo‘ljallangan “Erazmus Plyus” dasturida oliy ta’lim muassasalarining ishtiroki yanada samarali bo‘ladi.
“Erazmus Plyus” Yevropa Ittifoqining ta’lim, kasb-hunar ta’limi va sport sohasidagi dasturi bo‘lib, u turli mamlakatlar talabalariga Yevropa oliy o‘quv yurtlarida ta’lim olish, universitetlar o‘qituvchilariga esa o‘z malakasini oshirish imkonini beradi.
“Universitetimiz Farg‘ona viloyatidagi akademik litsey va kasb-hunar kollejlari o‘qituvchilarining malakasini oshirish, ta’lim, ilm-fan va ishlab chiqarishni integratsiyalashtirish bo‘yicha ikki loyihani muvaffaqiyatli amalga oshirdi, — dedi Farg‘ona davlat universiteti xalqaro bo‘lim boshlig‘i Hilola Sattorova. — Ayni paytda Yevropa oliy o‘quv yurtlari bilan aloqalarni yanada mustahkamlash ustida ishlamoqdamiz. Bu bakalavr va magistrlar almashish, o‘qituvchilar malakasini oshirishga doir loyihani joriy etish imkonini beradi”.
Ishtirokchilarga “Erazmus Plyus” dasturi va O‘zbekiston oliy o‘quv yurtlari uchun xalqaro hamkorlik imkoniyatlari haqida atroflicha ma’lumotlar berildi.
Izoh (0)