“O‘zbekkino” Milliy agentligi qoshidagi Yoshlar ijodiy tajriba 5-studiyasi “Sog‘lom bola yili” Davlat dasturiga kiritilgan “Zumrasha” hajviy bolalar kinojurnalini ishlab chiqarishga kirishdi. Bu haqda agentlik sayti xabar berdi.
— Ushbu kinojurnal Davlat dasturida ko‘rsatilgan vazifalarni bajarish bilan birga, yosh kinoijodkorlar uchun o‘ziga xos tajriba maktabi vazifasini ham o‘taydi. 12 to‘plamli kinojurnalni tasvirga olish uchun 48 ta ijodkorlar guruhi (ssenaristlar, rejissorlar, operatorlar va boshqalar) kerak bo‘ladi. Bu 100 ga yaqin yosh kinoijodkor uchun sinov bo‘lib xizmat qiladi. Ushbu ijodiy jarayonga taniqli aktyor, O‘zbekiston xalq artisti Xayrulla Sa’diyev rahbarlik qilmoqda, — deydi I. Saidjabborov.
Ayni paytda kinojurnalning ilk to‘plami suratga olindi va u yaqin kunlarda katta ekranga chiqadi.
Ishlab chiqarilayotgan “Zumrasha” kinojurnali qismlari respublika kinoteatrlarida filmlar namoyishidan oldin, shuningdek, milliy va mahalliy telekanallar orqali namoyish etiladi.
Eslatib o‘tamiz, “Zumrasha” bolalar hajviy kinojurnalining 12 qismini suratga olish uchun 820 mln 400 ming so‘m mablag‘ ajratilgan.
Izoh (0)