Rossiyada 23-aprel kuni mudofaa vaziri o‘rinbosari Timur Ivanov qo‘lga olindi. U million rubl miqdorida pora olganlikda gumon qilinmoqda. Bu haqda Tergov qo‘mitasi xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, vazir o‘rinbosari Rossiya Jinoyat kodeksining 290-moddasi 6-qismi bilan (o‘ta yirik miqdorda pora olish) ayblanmoqda. Ushbu modda bo‘yicha eng maksimal jazo 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilishdir.
Ivanovning hibsga olinishi qurilish shartnomalarini amalga oshirishdagi korrupsiya bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.
Rossiya mudofaa vaziri o‘rinbosari bilan birga korrupsiya ishi bo‘yicha pul o‘tkazmalariga aloqador yana bir necha kishi qo‘lga olingan. Timur Ivanov Federal xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan ushlanib, Tergov qo‘mitasi markaziy apparati tergovchilariga olib ketilgan.
Timur Ivanov 2016-yilning may oyida Mudofaa vaziri o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan bo‘lib, mulkni boshqarish, qo‘shinlarni choraklashtirish, uy-joy va tibbiy ta’minlash, shuningdek, Mudofaa vazirligi obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlashni tashkil etishga mas’ul edi.
“Kommersant”ning xabar berishicha, Ivanov vaqtinchalik saqlash izolyatoriga olib ketilgan. 24-aprel kuni tergov uni hibsga olish uchun sudga murojaat qiladi.
Izoh (0)