Geosiyosiy maydondagi o‘zgarishlar, o‘zaro kelishilgan o‘yin qoidalarning devalvatsiyasi hamda tobora kuchayib borayotgan nizolar o‘z mavjudligi haqida qayg‘urgan har qaysi davlatni harbiy salohiyatini kuchaytirish haqida jiddiy o‘ylashga majbur qilmoqda. Global kuchlarning manfaatlari to‘qnashgan mintaqa yuragi – O‘zbekiston ham mustasno emas.

Mamlakat avvaliga o‘z ehtiyojlarini tashqi manbalar hisobidan qondirgan bo‘lsa, keyinroq mahalliy imkoniyatlarga diqqat qaratildi. Uchuvchisiz aviatsiya majmualarini ilmiy-ishlab chiqarish markazining tashkil etilishi bu borada dastlabki qadam bo‘ldi. 2022-yili markaz turli missiyalarga mo‘ljallangan “Lochin” oilasiga mansub dronlarni namoyish qildi.
Uchuvchisiz uchish qurilmalarining klassifikatsiyasi
Dronlar ular mo‘ljallangan missiya hamda bajaradigan vazifaga qarab bir necha turlarga bo‘linadi. Ilg‘or sensorlar, kuzatuv uskunalari yordamida maʼlumot yig‘adigan qurilmalar razvedkachi sifatida tasniflanadi. Bunday uchuvchisiz uchish apparatlariga MQ-9 Reaper, Wing Loong hamda Bayraktar TB2 kabilarni misol keltirish mumkin. Yirik hajmi sabab ular zarbdor vazifalarni ham bajaradi. Bu esa ularni bir vaqtning o‘zida ham razvedka, ham hujum missiyalarida qo‘llash imkonini beradi.
Video signallarni real vaqt rejimida uzatib, muayyan hududni muntazam kuzatish imkonini beruvchi dronlar esa “kuzatuv” oilasiga mansub hisoblanadi. Ular dushman harakatlaridan taktik darajada boxabar bo‘lib turish, qurollarni yo‘naltirish va zarbadan keyin zararni baholash uchun juda muhimdir. Rossiyaning Orlan, Ukrainaning Shark dronlari bunga misol bo‘la oladi.
Jangovar dronlar esa, o‘z nomi bilan talafot yetkazishga mo‘ljallangan. Ular havo hamda quruqlik nishonlariga qarshi raketalar bilan taʼminlanishi yoki bir tomonlama parvoz – kamikadze sifatida foydalanilishi mumkin.
O‘zbekistonda-chi?
Uchuvchisiz uchish qurilmalarini ishlab chiqarish mamlakat mudofaa sanoatining muhim tarmoqlaridan biridir. Bu bilan bir necha korxona hamda markazlar shug‘ullanib kelmoqda.
Qayd etilganidek, “Lochin” uchuvchisiz uchish qurilmalari oilasini tamsil etuvchi umumiy nom hisoblanadi. “Lochin” HA-341 (M1) modeli kuzatuv, razvedka maʼlumotlari to‘plash kabi vazifalarni bajaradi. 3.54 m × 2.06 m hajmdagi dron vertikal ravishda ko‘tarilib, 120 daqiqa davomida havoda qolishi, 50 kilometr masofaga uchib borishi mumkin. Parvoz balandligi 4,5 kilometrni tashkil qiladi.
Bundan tashqari, qurilmani hujumkor missiyalarda ham qo‘llash imkoni bor. Yaʼni qanotlar ostiga 3 kg og‘irlikdagi portlovchi moslamalar, jumladan granatalar ortsa bo‘ladi. “Lochin” D-141 modeli esa uning biroz torroq doiradagi missiyalarga mo‘ljallangan versiyasi hisoblanadi.
“Lochin” HB-352 bundan oldingi ikki modeldan kengroq imkoniyatlari bilan farqlanadi. U 10 soat davomida havoda qolishi, 22 kg foydali yuk bilan 150 km radiusda jangovar topshiriqlarni bajarishi mumkin. Talabga qarab qurilmaga elektr hamda ichki yonuv dvigatellarini o‘rnatsa bo‘ladi. Uning o‘lchamlari 3.1×5.4 mni tashkil qiladi.

Mazkur oilaga mansub yana bir dronni gibrid qanotli raketa deyish ham mumkin. Sababi u turboreaktiv dvigatel yordamida parvoz qiladi. Bu unga o‘z tezligini 400 km/soatgacha oshirish imkonini beradi. Uning nomi “Lochin” VM-1 bo‘lib, havo mudofaa tizimlari uchun soxta nishon sifatida qo‘llashga mo‘ljallangan. Biroq ayrim kichik o‘zgartirishlar bilan kamikadze dronga aylantirish imkoni ham bor.
Ammo katalog shu bilan cheklanmaydi. Havo razvedkasini olib borish uchun mo‘ljallangan “Lochin” HA-241 modeli hamda “Burgut” seriyasiga mansub to‘rt turdagi dronlar ham mahalliy ishlab chiqarilmoqda.
Kamikadze dronlar
Bayraktar TB2 kabi dronlar keng spektordagi vazifalarni bajarishi bilan mashhur. Ammo ularni ishlab chiqarish, boshqarish uchun yuqori xarajat talab etiladi. Qolaversa yirik hajm bu turdagi qurilmalarni havo mudofaa tizimlari uchun o‘ljaga aylantiradi. Shu bois harbiylar uchun, ayniqsa, yuqori intensiv urush sharoitida, oson ishlab chiqariladigan, ko‘p chiqim talab qilmaydigan dronlar kerak. Bu — xalqaro trend.
“Jayra” mazkur chaqiriqqa javob hisoblanadi. Uni rasman “HAVZTEZ G9” deb atashadi. Pikap bazasiga asoslangan tizim yuqori mobillikni taʼminlaydi. Bu besh kishilik operativ bo‘linmaga jangovar topshiriqni bajarib, javob zarbasi kelmasidan xavfsiz pozitsiyaga qaytish imkonini beradi.
Tizim inventaridan vaziyatni real vaqt rejimida kuzatish uchun FPV-dron hamda kamikadze dronlari joy olgan. Buning yordami bilan “Jayra” 50 kilometr masofadagi nishonlarga zarba bera oladi. Qolaversa, pikap ustiga dushman dronlariga qarshi “To‘siq-2” mahalliy elektron urush tizimi ham o‘rnatilgan. Bu himoya chorasi hisoblanadi.
Ammo “Jayra” pikap bazasiga asoslangan yagona tizim hisoblanmaydi. Konstruktiv tuzilishiga ko‘ra geksokopter sifatida tasniflanadigan uchuvchisiz uchish qurilmasidan ham mana shunday asosda foydalanish mumkin. U ilk bor prezident Shavkat Mirziyoyevning mudofaa sanoati korxonalarining biriga tashrifi vaqtida ochiqlangandi.
“Lochin” HA-251 modeli “Jayra”da qo‘llanilgan FPV-dronlardan ko‘p marta foydalanish mumkinligi hamda ishlash prinsipiga ko‘ra farqlanadi. U kamikadze dron emas. Dushman pozitsiyasi, zirhli texnikalari hamda ishchi kuchiga portlovchi moslamalar tashlash orqali ishlaydi. Buning uchun qurilma ostida snaryad hamda granatalar uchun ilgichlar mavjud. Shu jihatdan u Ukrainaning “Baba Yaga” dronlari bilan bir oilaga mansub hisoblanadi. Qurilma yarim soat davomida havoda qolishi, 10 kg foydali yuk ko‘tarishi mumkin.
Kamikadze dronlarga qaytsak, O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan X-1 modeli 50 kilometr, X-2 esa 100 kilometr masofadagi nishonlarga zarba bera oladi. Birinchisi dushman jonli kuchi, yengil zirhli transport vositalariga qarshi mo‘ljallangan bo‘lsa, ikkinchisi yanada yirikroq nishonlarni zararsizlantirishda samarali hisoblanadi. Elektr dvigatel ularga tezligini 120-130 km/soatgacha oshirish imkonini beradi.

FPV-dronlar
Yirik hamda o‘rta hajmli dronlarni ishlab chiqarish uchun yuz, baʼzan esa millionlab dollar mablag‘ sarflanadi. Ammo xarajatlar shu bilan cheklanmaydi. Ularni saqlash, texnik xizmat ko‘rsatish kabi “qimmat ovoragarchiliklar” ham mavjud. Keng ommalashayotgan, turlari va modifikatsiyalari kundan kunga ortib borayotgan FPV-dronlar bilan bunday deya olmaymiz.
Ularni ishlab chiqarish arzon. Komponentlarning aksariyatini 3D printer yordamida chop etish mumkin. Shunday qilib, birgina qurilma narxi 300-600 dollarga tushadi. Uni jangovar qurolga aylantirish uchun esa o‘rtacha ming AQSH dollari miqdorida xarajat talab etiladi. Biroq mahoratli operator boshqaruvida u nihoyatda xavfli qurolga aylanishi, bir necha million dollar qiymatdagi harbiy texnikalarni safdan chiqarishi mumkin.
Bu turdagi dronlar bomber hamda kamikadze sifatida tasniflanadi. Birinchisi havodan portlovchi o‘q-dorilar, jumladan granatalar tashlashga mo‘ljallangan bo‘lsa, ikkinchisi o‘zini nishonga borib urish orqali ishlaydi – kamikadze hisoblanadi.
“Lochin” FPV-5, FPV-7, FPV-10 dronlari modifikatsiyasiga qarab bu ikki vazifadan birini bajarishi mumkin. Ammo bular asosiy modellar bo‘lib, yetarli maʼlumot berilmagan, ochiqlanmagan yoxud hali ishlanma bosqichida bo‘lgan uchuvchisiz uchish vositalari ham mavjud.
Umuman olganda, dronlar harbiy fanda inqilob yasadi. Harbiylar ichuvchisiz uchish apparatlarini an’anaviy qurol-aslahalarga integratsiya qilish orqali salmoqli yutuqlarga erishish, eng avvalo insoniy talafotlarni kamaytirish mumkinligini yaxshi anglab yetdi. Bu esa ularni zamonaviy urushlarda yangi voqelikka aylantirdi. O‘zbekiston ham o‘z xavfsizligini mustahkamlash uchun bunga jiddiy eʼtibor qaratmoqda. Mudofaa sanoati agentligi tasarrufidagi korxona va ilmiy markazlar xorij davlatlari bilan hamkorlik bilan bir qatorda, ichki imkoniyatlarni ham ishga solmoqda.
Izoh (0)